O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga asosan joriy yilning 15-dekabridan 2014-yilning 15-yanvariga qadar «Harakat xavfsizligi oyligi» o‘tkaziladi. «Toshkent Oqshomi» gazetasining xabar berishicha, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirish maqsadida kompleks chora-tadbirlar belgilangan.

Bular ichida transport va piyodalar, jumladan, bolalar harakati serqatnov bo‘lgan yo‘llar va joylarni belgilash, ularni ko‘rikdan o‘tkazib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan takliflar tayyorlash, ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini ko‘rish, transport vositalarining texnik tayyorgarligini yaxshilash, o‘quv yurtlarida, haydovchilarni tayyorlash kurslarida yo‘l harakati qoidalarini o‘qitishni yanada yaxshilash choralarini ko‘rish, oylikni o‘tkazishga keng jamoatchilikni jalb qilish kabi asosiy vazifalar.

DYHXX xodimlari tomonidan joriy yilning o‘tgan o‘n bir oyi davomida jami 3 million 104 ming 680 ta, jumladan, 1 million 279 ming 280 ta qo‘pol qoidabuzarlik, 41 ming 796 ta avtoulovni mast holda, 5491 ta monitor o‘rnatilgan transportni boshqarish, 18 ming 580 ta qoraytirilgan oynali transportdan va 37 ming 406 ta harakat vaqtida telefondan foydalanish va 734 ming 860 ta xavfsizlik tasmasidan foydalanmaslik holatlari aniqlangan.

Harakat xavfsizligini qanday ta’minlash mumkin?

O'zbekistonda harakat xavfsizligini ta’minlanishiga o'z hissangizni qo'shishni taklif qilamiz. Sir emas, mamlakatda harakat xavfsizligini ta’minlash usuli va yondashuvini qayta ko'rib chiqish zarur. Fikringizcha, yo'llarni xavfsizroq qilish uchun nimalar qilish kerak? Haydovchi qoidalarga DYHXX xodimini ko'rgandagina emas, har doim rioya qilishini qanday ta'minlash mumkin? Piyodalar tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzilishini qanday oldini olish mumkin?

O'z fikr-mulohazalaringizni sharhda qoldiring, biz esa ularni jamlab DYHXX yetkazamiz.