O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari va sudlar tomonidan farzandlikka olish haqidagi ishlar bo‘yicha qonunchilikni qo‘llash amaliyoti muhokama etildi, deb xabar bermoqda O'zA.

Majlisda muhokama etilgan «Tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida»gi plenum qarori loyihasi sudlar tomonidan tadbirkorlikka oid qonunlarni bir xilda qo‘llash va bu borada yagona sud amaliyotini shakllantirishga qaratilgan.

Sud amaliyotiga nazar tashlansa, 2012-yilda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan tadbirkorlikka oid 1,2 mingdan ortiq ish ko‘rib chiqilgan. Joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida esa sakkiz yuzdan ortiq ish ko‘rilgan.
Sudlar bu boradagi ishlarni ko‘rishda tadbirkorlar manfaatlarini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlarini buzishda aybdor bo‘lgan shaxslarga nisbatan jazo qo‘llashda e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar yangi qaror loyihasida o‘z ifodasini topgan.

Jumladan, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish, xususan, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini qasddan tekshirish tashabbusi bilan chiqish, tekshirishlar o‘tkazish, ushbu sub’ektlar faoliyatini va banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish, qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan hollarda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning hisobvaraqlarida pul mablag‘lari bor-yo‘qligi haqida axborot talab qilib olishga yo‘l qo‘ygan mansabdor yoki boshqa shaxslar ma’muriy javobgarlikka, aynan shunday harakatlarni ma’muriy jazo qo‘llanilgandan so‘ng sodir etish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

«Sudlar tomonidan farzandlikka olish haqidagi ishlar bo‘yicha qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida»gi plenum qarori loyihasida sudlarning e’tibori farzandlikka olish haqidagi arizalarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri hal etishga qaratilgan. Chunki bu bola manfaatlari himoyasining muhim kafolatlaridan biridir.

Farzandlikka olishga faqat bola manfaatidan kelib chiqqan holda yo‘l qo‘yilishini inobatga olgan holda sudlar mazkur toifadagi ishlarni ko‘rishda har bir holatda ariza qanoatlantirilishi bola manfaatlariga qanchalik mos kelishini tekshirishi lozim. Shu sababli qaror qabul qilishda farzandlikka oluvchining ma’naviy va boshqa shaxsiy fazilatlari, uning va u bilan birga yashovchi shaxslarning sog‘lig‘i, oilada shakllangan munosabatlar va arizani to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa holatlarni hisobga olish zarur.

Farzandlikka olganlarning o‘z zimmalariga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishdan bo‘yin tovlashi yoki ularni lozim darajada bajarmagani sud tomonidan farzandlikka olishni bekor qilish uchun asos bo‘lishi mumkin. Bolaning manfaatlari ta’minlanmagan boshqa hollarda ham farzandlikka olish sud tomonidan bekor qilinadi.

Majlisda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.