14-16-dekabr kunlari Milliy san’at markazida XIII «Bazar-Art» ko‘rgazma-yarmarkasi bo‘lib o‘tadi. Ko‘rgazma- yarmarka Fond Foru va «IJOD» O‘zbekiston rassomlar, san’atshunoslar va xalq ustalari uyushmasi tomonidan tashkillashtirilmokda.

Ko‘rgazmaga O‘zbekistonning barcha hududlaridan usta-hunarmandlar o‘zlarining sara asarlarini olib keladilar. Ularning aksariyat «Bazar-Art» da har safar ishtirok etishadi.

Usta-hunarmandlar tomonidan turli xomashyolardan o‘yib ishlangan, naqsh tushirilgan buyumlar, qo‘l mehnati asosida ishlangan kulolchilik, zargarlik mahsulotlari mazkur ko‘rgazmadan o‘rin oladi. Shoyiyu ipak, atlasu adrasdan, parcha va beqasam singari an’anaviy o‘zbek matolaridan yaratilgan milliy liboslar, kandakorlik, yog‘och o‘ymakorligi, kulolchilik, chinnigarlik buyumlari, zargarlik zeb-ziynatlari, naqshinkor gilamlar, yog‘och o‘ymakorligi mahsulotlari, rassomlik namunalaridan bahra olish qatorida ularni harid qilish mumkin. Ko‘rgazma-yarmarka zamonaviy o‘zbek an’anaviy va amaliy san’atidagi o‘zgarishlar, uning rivojlanishi tarixini kuzatish, o‘rganish imkonini beradi.

Ishtirokchilar, san’at ixlosmandlari va an’anaviy san’atga befarq bo‘lmaganlarning barchasi uchun ko‘rgazma doirasida mahorat darslari tashkil etiladi.

Ko‘rgazmaning ish vaqtlari: 14- va 15-dekabr — 10:00-18:00; 16-dekabr — 10:00-16:00, yopilish va taqdirlash marosimi — 18:00da. Kirish bepul.