12-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma bir yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.

O'za xabar berishicha, amnistiya to'g'risidagi masala Senat muhokamasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga muvofiq kiritlgan edi.

Senatning qarorida ayollar, jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar, 60 yoshdan oshgan erkaklar va chet davlat fuqarolari jazodan ozod qilinishi ko'zda tutilgan. Shu bilan birga, qarorda yana bir qator jazodan ozod qilinadigan shaxslar va amnistiya tatbiq etilmaydigan jinoyat turlari belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qarori

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma bir yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga muvofiq, insonparvarlik tamoyiliga amal qilib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasi 10-bandiga va 93-moddasi 23-bandiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati QAROR QILADI:

1. Quyidagi mahkumlar jazodan ozod qilinsin (ushbu Qarorning 8-bandida ko‘rsatilgan cheklashlarni hisobga olgan holda):

a) ayollar;

b) jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar;

v) 60 yoshdan oshgan erkaklar;

g) chet davlat fuqarolari.

2. Ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etgan shaxslar, shuningdek ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganligi uchun birinchi marta hukm qilingan shaxslar jazodan ozod qilinsin.

3. I va II guruh nogironlari, shuningdek ushbu Qaror kuchga kirgunga qadar bir yildan oshmagan muddat ichida qonunda belgilangan tartibda jazoni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan og‘ir kasalliklarga chalingan deb topilgan shaxslar (javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etganlar bundan mustasno) jazodan ozod qilinsin.

4. Ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, o‘talmay qolgan jazo muddati ikki yil-u olti oydan ko‘p bo‘lmagan, hukmi ushbu Qaror e’lon qilingan kunga qadar qonuniy kuchga kirgan mahkumlar (javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etganlar bundan mustasno) jazodan ozod qilinsin.

5. Taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan shaxslar jazodan ozod qilinsin.

6. Ushbu Qarorning 1 va 2-bandlarida qayd etilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi barcha ishlar tugatilsin.

7. Ushbu Qaror asosida ozod qilinmaydigan shaxslarning:

a) qasddan sodir etgan jinoyati uchun o‘n yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilinganlarning o‘talmay qolgan jazo muddati — uchdan bir qismiga;

b) qasddan sodir etgan jinoyati uchun o‘n yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilinganlarning o‘talmay qolgan jazo muddati to‘rtdan bir qismiga qisqartirilsin.

8. Tatbiq etilmasin:

a) ushbu Qarorning amal qilishi — uzoq muddatga yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan; o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan; jinoiy uyushma tarkibida jinoyat sodir etgan; jazoni o‘tash tartibini muntazam ravishda buzayotgan shaxslarga; shuningdek o‘lim jazosi afv etish tartibida ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoga almashtirilgan shaxslarga;

b) ushbu Qaror 1-bandining amal qilishi — o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan shaxslarga;

v) ushbu Qaror 1-4, 6, 7-bandlarining amal qilishi — taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlangan shaxslarga;

g) ushbu Qaror 4, 5, 7-bandlarining amal qilishi — muqaddam amnistiya akti bo‘yicha jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod bo‘lgan va yana qasddan jinoyat sodir etgan shaxslarga.

9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qo‘mita va komissiyalari ushbu Qarorning qo‘llanilishi ustidan jamoatchilik nazoratini hamda qarorni qo‘llanish tartib-taomillarining ochiq-oshkoraligi amalga oshirilishida senatorlar va deputatlar korpusining bevosita ishtirokini ta’minlasin.

10. Ushbu Qaror amalga oshirilishi uchun mas’uliyat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklatilsin.

11. Ushbu Qaror e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi va uch oy mobaynida ijro etilishi lozim.