O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2-dekabrdagi «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq Moliya vazirligi pensiyalarni qayta hisoblash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqladi.

15-dekabrdan O‘zbekiston hududida eng kam ish haqi — oyiga 96 105 so‘m, yoshga doir pensiyalar — oyiga 187 970 so‘m, bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa — oyiga 187 970 so‘m, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa — oyiga 115 340 so‘m miqdorida belgilandi.

Yakka tartibdagi koeffitsiyentlarni qo‘llagan holda yangi tayinlanadigan pensiyalar hisoblab chiqariladigan ish haqini tenglashtirish uchun Nizomning ilovasiga muvofiq eng kam oylik ish haqi miqdorlari qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan pensiyalar va nafaqalarni to‘lash qaydnomalari hamda pochta pul o‘tkazmalari, pensiyalar va nafaqalar miqdorlari 1,025 barobarga oshganligini inobatga olgan holda, qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda tuziladi.

Pensiyani hisob-kitob qilish uchun eng kam ish haqining sakkiz baravaridan (96 105 so‘m x 8 = 768 840 so‘m) ortiq bo‘lmagan o‘rtacha oylik ish haqi inobatga olinadi.

Yakka tartibdagi koeffitsiyentlar qo‘llanilgan o‘rtacha oylik ish haqi miqdori eng kam oylik ish haqining sakkiz baravari va undan yuqori miqdorida bo‘lgan hollarda, pensiyalarni qayta hisoblashni amalga oshirishda ish haqi miqdori eng kam ish haqining sakkiz baravari 768 840 so‘m (96 105 so‘m x 8) bilan chegaralanib, ish stajining davomiyligiga bog‘liq ravishda pensiyalarni hisoblash uchun qabul qilingan foizlarga ko‘paytiriladi.

Yoshga doir yoki I va II guruh nogironlik bo‘yicha pensionerlar pensiya tayinlash uchun zarur ish stajiga ega bo‘lmagan taqdirda, qayta hisoblashdagi pensiya miqdori mavjud stajga mutanosib ravishda belgilanadi.

Barcha hollarda pensiyalarga ustama eng kam ish haqidan (96 105 so‘m) kelib chiqib aniqlanadi.