O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Jeykob Zumaga taniqli siyosat arbobi, mamlakatning sobiq rahbari, Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi Nelson Mandelaning vafot etgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda O'zbekiston Prezidentining matbuoat xizmati xabar berdi.

Janubiy Afrika Respublikasining qora tanlilardan saylangan birinchi prezidenti Nelson Mandela payshanba kuni Yoxannesburgdagi uyida 95 yoshida vafot etgan edi.

Mandela Janubiy Afrikadagi irqchilikka asoslangan aparteid tuzumga qarshi kurashgani uchun 1964-yilda yetti nafar safdoshi bilan birgalikda bir umrga qamalgan. U 27 yil qamoqda o‘tirdi va qamoqdan turib Janubiy Afrikadagi irqiy kamsitilish va tengsizlikka qarshi uyushgan harakatga rahbarlik qila oldi. Mandela 1994-yil ozodlikka chiqqach, JARning ilk qora tanli prezidenti bo‘lgan. 1993-yilda Nelson Mandela Nobel Tinchlik mukofotiga sazovor bo'lgan.