4-dekabr kuni Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari bir qator qonun loyihalarini birinchi o'qishda ko'rib chiqdilar. Bu haqda Qonunchilik palatasining Axborot xizmati xabar berdi.

Deputatlar navbatdagi yig'ilishda «Xususiylashtirish to‘g‘risida»gi, «Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida»gi, «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 54-moddasiga o‘zgartishlar kiritish haqida"gi, shuningdek «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihalarini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.

Deputatlar tomonidan «Xususiylashtirish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi qonunchilik jarayonini rivojlantirishda va xususiylashtirish amaliyotidagi sifat o‘zgarishlarni yuridik jihatdan mustahkamlashda yangi bosqichni ochib berayotganligi qayd etildi. «Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida»gi amaldagi qonun mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki yillarida qabul qilingan asosiy hujjat bo‘lib, unga muvofiq xususiylashtirishning normativ-huquqiy bazasini yaratish amalga oshirilgan edi. «Xususiylashtirish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi xususiylashtirish jarayoni hozirgi bosqichining o‘ziga xosliklarini, xususiylashtirishga doir bitimlarning ochiqligi va oshkoraligini hisobga olgan holda, xususiylashtirishning zamonaviy strategiyasini va samarali amaliyotini qonunchilik yo‘li bilan tartibga solishni ta’minlashga, iqtisodiyotda xususiy mulkchilikning ulushini kengaytirish va oshirishga, barcha potensial investorlarning teng imkoniyatlarini hamda mulk huquqlarini ta’minlashga qaratilgan.

«Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini muhokama qilishda jinoyatchilikka qarshi kurashishning zamonaviy ilmiy ishlanmalarini va texnik vositalarini bundan buyon ham joriy etishning muhimligi qayd etildi. Xususan, bu shaxsga qarshi sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni fosh qilish va tergov qilish hamda ularni sodir etgan shaxslarni qidirish uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanish samaradorligini oshirishga taalluqlidir. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan DNK-tahlili imkoniyatlaridan foydalanish mamlakatimizda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, turmushi, sog‘lig‘i va mulkiy darajasini yanada oshirishga xizmat qiladi. Ko‘rib chiqilgan qonun loyihasining maqsadi mamlakatimizda genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olishning huquqiy asoslarini yaratish, genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish prinsiplarini va uning turlarini, ob’ektlari va sub’ektlarini aniqlash, uni o‘tkazishga, biologik material va genom axborotini saqlash hamda undan foydalanishga doir asosiy talablarni belgilashdan iborat.

«Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 54-moddasiga o‘zgartishlar kiritish haqida"gi qonun loyihasi tanlov asosida ijro hujjatlari bo‘yicha mol-mulkni baholash uchun baholovchi tashkilotning baholovchisini mutaxassis sifatida jalb etish tartibini joriy etishni, shuningdek, baholovchi tashkilotlarni tanlab olish tartibini bekor qilishni nazarda tutmoqda. Taklif etilayotgan o‘zgartishlarning qabul qilinishi ijro ishlarini yuritish doirasida mol-mulkni baholash bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish imkonini beradi, bu esa sud hujjatlari va boshqa organlarning hujjatlari o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlashga ko‘maklashadi.

Bankrotlik mexanizmlarini yanada takomillashtirishga, qasddan bankrotlikka olib borish hollarini aniqlash bo‘yicha huquqiy chora-tadbirlarni yaratishga, kreditorlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning moliyaviy barqarorligini ta’minlashga va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama etildi. Majlisda bugun mamlakatimizda amaldagi qonun hujjatlariga qasddan bankrotlikka olib borish holatlarini aniqlash bo‘yicha oldini oluvchi chora-tadbirlar va mexanizmlarni kiritish masalasi vaqti kelganligi ta’kidlab o‘tildi. Bu kreditorlik qarzdorligini, shu jumladan, byudjetga to‘lovlar bo‘yicha qarzlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash maqsadida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning qasddan bankrotlikka olib borilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun huquqiy to‘siq yaratish imkonini beradi.

Qonun loyihasiga sud boshqaruvchilari uchun qasddan bankrotlikka olib borish alomatlarini aniqlash majburiyatini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritilmoqda, unda xo‘jalik sudi kreditorning arizasiga ko‘ra bankrotlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishda qasddan bankrotlikka olib borish yoki yolg‘on bankrotlikka olib borish holatlari borligini tekshirish uchun ekspertiza o‘tkazishga haqli deb belgilanmoqda. Deputatlarning fikricha, ushbu normalarning kiritilishi pul mablag‘laridan va boshqa mol-mulkdan oqilona foydalanishga, korporativ boshqaruv sifatini yaxshilashga, korxonalar rahbarlari va mulkdorlarining iqtisodiy mustaqilligi uchun ularning javobgarligini oshirishga ko‘maklashadi.

Parlament a’zolari bildirilgan nuqtai nazarlardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasining yuqorida ko‘rsatilgan qonun loyihalarini birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatladilar.