O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 3-dekabr kuni Oqsaroyda «Lukoyl neft kompaniyasi» ochiq aksiyadorlik jamiyati prezidenti Vagit Alekperovni qabul qildi.

«Lukoyl» kompaniyasi O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi yirik investorlardan biridir. Kompaniya rahbariyati hamkorlik muvaffaqiyatlarini, avvalo, mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsiya muhiti, iqtisodiy barqarorlik kafolatlari va asosiy tarmoqlarning katta imkoniyatlarida deb biladi.

Prezidentimiz Islom Karimov geologiya-qidiruv ishlarining samarali amalga oshirilishi «Lukoyl neft kompaniyasi» ochiq aksiyadorlik jamiyatiga uglevodorod zaxirasini ko‘paytirish va yuksak hamkorlik salohiyatiga ega ishonchli sherik mavqeini mustahkamlash imkonini berganini ta’kidladi.

Kompaniyaning O‘zbekiston neft-gaz kompleksiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari 3 milliard 200 million AQSh dollarini, joriy yilning to‘qqiz oyi yakunlari bo‘yicha esa qariyb 500 million dollarni tashkil etdi.

Qandim konlar guruhini o‘zlashtirish va gazni qayta ishlash zavodini qurish konsorsiumini tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rish hamkorlikning eng ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Xususan, uchrashuv chog‘ida Buxoro viloyatida gazni qayta ishlovchi zamonaviy zavodni loyihalashtirish jarayoni va barpo etish masalalari muhokama etildi. Ustyurtdagi konlarda hamkorlikni faollashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Ayni paytda «Lukoyl» kompaniyasi O‘zbekistonda uchta istiqbolli loyihani amalga oshirmoqda. Xususan, Mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitim doirasida Havzak, Shodi, Qo‘ng‘irot uchastkalari hamda Qandim konlar guruhida geologiya-qidiruv ishlari o‘tkazildi va natijada 18,5 milliard kub metr gaz qazib olindi. Hisor hududi konlarida olib borilgan ishlar natijasida 368,5 ming tonna neft va 2 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olindi. «Lukoyl» Investorlar konsorsiumi tarkibida Orol bloki hududida geologiya-qidiruv ishlarini olib bormoqda. Bu ishlar samaradorligi qimmatbaho xomashyo qazib olish hajmining o‘sib borayotganida namoyon bo‘lmoqda.

Uchrashuvda 2014-2020-yillarda Buxoro-Xiva va boshqa hududlardagi konlarda qator yirik loyihalarning amalga oshirilishi uzoq muddatli sheriklikka yangi sur’at bag‘ishlashi ta’kidlandi. Kompaniyaning yaqin 5-yildagi investitsiya dasturi qariyb 5 milliard dollarni tashkil etadi.

Shuningdek, «Lukoyl» kompaniyasi I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filialida kadrlar tayyorlash va malakasini oshirishga katta e’tibor qaratayotgani ta’kidlandi. Ushbu oliy o‘quv yurti bitiruvchilari — yuqori malakali yosh mutaxassislarga jahon uglevodorodlar bozoridagi yetakchi kompaniyalarda talab katta.

Vagit Alekperov davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun va «Lukoyl neft kompaniyasi» ochiq aksiyadorlik jamiyatining O‘zbekiston neft-gaz tarmog‘idagi faoliyati natijalarini yuksak baholagani, shuningdek, o‘zaro manfaatli va keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirishda yaratilgan qulay sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdi. Mehmon o‘zi rahbarlik qilayotgan kompaniya o‘zbekistonlik sheriklar bilan uzoq muddatli va samarali hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini ta’kidladi.