Toshkentda Afro-Osiyo dopingga qarshi kurash simpoziumi hamda murabbiylar uchun og‘ir atletika bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv kurslari boshlandi. Bu haqda O'zA xabar bermoqda.

Afro-Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi, O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va Og‘ir atletika federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi vakillari, Osiyo va Afrika qit’asining yigirmaga yaqin mamlakatidan yetakchi mutaxassislar va murabbiylar ishtirok etmoqda.

Kursda Osiyo va Afrika davlatlari murabbiy va mutaxassislari dopingga qarshi kurash, mashg‘ulotlarni to‘g‘ri tashkil etish borasida o‘zaro tajriba almashadi va malakasini oshiradi.

Afro-Osiyo dopingga qarshi kurash simpoziumi va murabbiylar uchun og‘ir atletika bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borish uslubiyatiga bag‘ishlangan kurslarni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad murabbiy va mutaxassislarning doping vositalari to‘g‘risidagi bilimi, iqtidorli sportchilarni saralash va ularni musobaqalarga tayyorlash borasidagi tajriba va malakasini oshirishdan iboratdir.