O‘zbekistonda 2014-yil 1-yanvardan yangi ochilayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini internet orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazish mumkin bo‘ladi. O‘zbekiston hukumatining bu haqdagi qaror Lex.uz portaliga joylashtirilgan.

Ro‘yxatga olish jarayonlarini elektron shaklga o‘tkazish tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida tashkil etilayapti.

Qarorga ko‘ra, tadbirkorlar o‘z korxona/firmasining ta’sis hujjatlarini Yagona davlat xizmatlari interaktiv portali (My.Gov.uz) orqali taqdim etib, elektron ro‘yxatdan o‘tkazadilar.

Tadbirkorlik sub’ektini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun tegishli ilovalarda elektron ariza berish, shuningdek, davlat ro‘yxatiga olinganligi to‘g‘risidagi guvohnoma va boshqa ta’sis hujjatlarini elektron ko‘rinishda qabul qilish elektron raqamli imzo orqali amalga oshiriladi.

Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tadbirkorlik sub’ektiga Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat statistika qo‘mitasining tegishli idoraviy saytlaridan foydalanib soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR) va KTUT kodlarini beradi.
Ayni vaqtda, ushbu yangilik kredit tashkilotlariga nisbatan qo‘llanilmaydi.