Ayrim davlat hokimiyati va boshqaruvi, nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari "Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida "qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgan. Bu haqda 29-noyabr kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasida bo‘lib o‘tgan Idoralararo yig‘ilishda gap ketdi.

Tekshirishda murojaatlarni qonunda belgilangan muddatlarda yoki asossiz ravishda ko‘rib chiqmaslik, ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida yozma shaklda xabar bermaslik, qonuniy talablarni asossiz rad etish kabi boshqa ko‘plab holatlar aniqlanganligi qayd qilindi.

Prokuratura organlari tomonidan 2013 yilning 10 oyida yo‘l qo‘yilgan fuqarolarning huquqlarini buzilishi holatlari bo‘yicha 4323 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanildi, shundan 4011 nafar mansabdor shaxslar intizomiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortildi, qo‘pol qonun buzilishi holatlari bo‘yicha esa 44 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Prokuratura organlari tomonidan joriy yilning 10 oyida 123 mingdan ziyod fuqarolarning murojaatlari ko‘rib chiqilishi natijasida 11 minga yaqin fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklandi.
Shuningdek, yig‘ilishda sohaga ma’sul davlat organlari fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqilishi ustidan tizimli idoraviy nazoratni kuchaytirishi va ularning qonuniy huquqlarini buzilishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rishi zarurligi qayd qilib o‘tildi.