28-noyabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri Jantoro Sotiboldiyev Toshkentda O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqida Qirg‘iziston Hukumatining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Muzokara chog‘ida O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlariga doir keng ko‘lamli masalalar, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashildi.

Shavkat Mirziyoyev uchrashuv ikki tomonlama hamkorlikdagi murakkab masalalarga yechim topish uchun yaxshi imkoniyat berayotganini ta’kidladi. Shuningdek, Mirziyoyev O‘zbekiston Qirg‘izistonning barqaror rivojlanishidan manfaatdor ekangligini, asrlar mobaynida ikki xalq bir-biriga yelkadosh bo‘lib yashab kelganini, ularni diniy hamda madaniy qadriyatlar umumlashtirib turganini aytdi.

O‘z o‘rnida, Qirg‘iziston tomoni so‘ngi vaqtlarda o‘zaro manfaatlarni hisobga olgan holda yechish lozim bo‘lgan bir qator muammoli masalalar mavjud ekanligini va ushbu masalalar yuzasidan konstruktiv muzokara olib borishga tayyor ekanligini bildirdi.

Xususan, Jontoro Sotiboldiyev 2009 yildan beri Hukumatlararo komissiyasi ishlamayotganini aytib, navbatdagi majlisini tez kunlarda Bishkek shahrida o‘tkazishni taklif qildi.

Qirg‘iziston Bosh vaziri tinch-totuv qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, savdo-sotiqni rivojlantirish, chegara va chegara oldi hududlarda yuzaga keladigan muammolarni birgalikda hal qilishda muntazam ikki tomonlama aloqalarni o‘rni muhimligini ta’kidladi.

Tomonlar shuningdek suv-energetika masalalarini, Qirg‘izistonga gaz, O‘zbekistonga ko‘mir yetkazib berish, mineral o‘g‘itlar, chegaradan o'tkazish punktlari, ayniqsa «Do‘stuk» chegara punktini, to‘liq faoliyat yuritish masalalarini ham atroflicha muhokama qildilar.

Muzokara yakunida ikki davlat Hukumat rahbarlari o‘zaro aloqalarni yanada faollashtirishga xalaqit qilayotgan masalalarni bosqichma-bosqich hal qilishga kelishib oldilar.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri Jontoro Sotiboldiyev Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining o‘n ikkinchi majlisida ishtirok etish uchun Toshkent shahriga kelgan edi.