O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 28-noyabr kuni Ko‘ksaroyda mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Ketsyanni qabul qildi.

Davlat rahbari mehmonni O'zbekistonga tashrifi bilan qutlar ekan, uning Xitoy Davlat kengashi Bosh vaziri sifatida O‘zbekistonga ilk rasmiy tashrifi XXR Raisi Si Szinpinning shu yil sentabr oyida O'zbekistonga davlat tashrifining mantiqiy davomi ekanini ta’kidladi. Mazkur davlat tashrifi yakunlari ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishga xizmat qilishini, ikki xalq o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini izchil kengaytirishga yangi sur’at bag‘ishlaganini qayd etdi.

O‘zbekiston uchun Xitoy ishonchli va muhim sherik bo‘lib, ushbu mamlakat bilan o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlik har ikki davlatning uzoq muddatli manfaatlarini e’tiborga olgan holda o‘zaro hurmat asosida yo‘lga qo‘yilgan.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik deyarli barcha yo‘nalishlar — siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda izchillik bilan jadal rivojlanayotgani ta’kidlandi.

Kuni kecha Toshkentda bo‘lib o‘tgan ikki davlat ishbilarmon doiralarining biznes-forumi o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish, yangi, avvalambor, yuqori texnologiyalar sohasida faoliyat ko‘rsatadigan qo‘shma korxonalar tashkil etishdan tomonlar birday manfaatdor ekanligini yaqqol tasdiqladi.

2013-yilning to‘qqiz oyi yakunlariga ko‘ra, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 3,5 milliard AQSh dollaridan oshdi. Bu butun 2012-yildagidan ancha ko‘pdir. O‘zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokida tuzilgan 488 qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. 2002-yildan buyon Xitoy sarmoyasi ishtirokida umumiy qiymati 6,75 milliard dollarlik bir nechta loyiha amalga oshirilmoqda.

2012-yildan Xitoyga O‘zbekiston tabiiy gazi muntazam yetkazib berilmoqda. Ayni paytda «O‘zbekiston-Xitoy» gaz quvurining uchinchi liniyasi barpo etilib, to‘rtinchi liniyasi loyihalashtirilmoqda. Ularning ishga tushirilishi O‘rta Osiyodan XXRga tabiiy gaz eksporti va tranzitini kengaytirish imkonini beradi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Xitoy hamkorligiga oid boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Li Ketsyan samimiy qabul, o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalari, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolarni atroflicha muhokama etish imkoniyati yaratilgani uchun Islom Karimovga chuqur minnatdorlik bildirdi.