26-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar Davlat byudjetining 2013-yil to‘qqiz oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqdilar. Bu haqda
Qonunchilik palatasining Axborot xizmati xabar berdi.

Davlat byudjetining 2013-yil to‘qqiz oyidagi ijrosi yuzasidan moliya vazirining o‘rinbosari Mubin Mirzayev, shuningdek, Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Sarvar Otamurodov ma’ruza qildi.

O‘tgan to‘qqiz mobaynida O‘zbekistonda makroiqtisodiy barqarorlik hamda iqtisodiyotning yuqori sur’atlardagi o‘sishi ta’minlandi, shuningdek, belgilangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishildi. Bunday ijobiy ko‘rsatkichlar iqtisodiyotning va mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilarining raqobatbardoshliligini yanada oshirish, ishlab chiqarish, transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirishni tezlashtirish, aholi bandligi va farovonligini oshirish hisobidan ta’minlandi.

Davlat byudjeti hisobot davrida profitsit bilan ijro etildi. Tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi 1 milliard AQSh dollaridan ortiqni tashkil etdi. YaIMning o‘sish sur’atlari 8,1 foizni, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlari 9,4 foizni, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 6,8 foizni, chakana savdo aylanmasi 14,7 foizni tashkil etdi. Mashinasozlik hamda metallga ishlov berish, yengil sanoat, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati kabi tarmoqlarning jadal rivojlanishi ta’minlandi. Sanoat ishlab chiqarishining umumiy tuzilmasida ushbu tarmoqlarning ulushi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 47,4 foizdan 51,4 foizgacha o‘sdi. Shu yilning boshidan taxminan 2,2 ming ishlab chiqarish ob’ekti ishga tushirilganligi ham sanoat ishlab chiqarishining o‘sishiga ko‘maklashdi.

Majlisda hisobot davrida Davlat byudjetining xarajat qismida ta’lim, sog‘liqni saqlash, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, pensiyalar, nafaqalar to‘lovlari kabi ijtimoiy sohani moliyalashtirishga ustuvor ahamiyat berilganligi alohida ta’kidlandi.

Umuman olganda, Davlat byudjeti 2013-yilning 9 oyi mobaynida Oliy Majlis tomonidan tasdiqlangan parametrlarga hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga muvofiq ijro etildi.

Barcha siyosiy partiya fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillarining fikr-mulohazalarini eshitib va muhokama qilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Davlat byudjetining 2013-yil to‘qqiz oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni tasdiqladi hamda tegishli qaror qabul qildi.

Majlisda «Soliq va byudjet siyosatining 2014-yilgi asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi va qabul qilindi.