Osiyo taraqqiyot banki tomonidan ajratilayotgan 110 mln dollar kreditga Samarqand viloyatida 100 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektrik stansiyasi barpo etilayapti. Bu haqda OTB axborot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur fotoelektrik stansiya OTBning Osiyo mintaqasida quyosh energetikasini rivojlantirish borasidagi tashabbusi doirasida qurilmoqda. Mazkur stansiya mintaqamizda bu yo‘nalishdagi ilk stansiya bo‘ladi. «Loyiha O’rta Osiyo mintaqasidagi eng yirik, va dunyo miqyosida eng yiriklardan biri», — deydi Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Takexiko Nakao.

Loyihaning qiymati 310 mln AQSh dollarini tashkil etadi, bundan 110 mln dollarni OTB beradi. Loyihani qolgan qismi «O’zbekenergo» va Rivojlanish va Rekonstruksiya fondining mablag’laridan moliyalashtiriladi. Loyiha 5 yil davomida amalga oshiriladi, 2019-yil mart oylarida tugallanishi rejalashtirilgan.

Ayni paytda OTBning Osiyo mintaqasida quyosh energetikasini rivojlantirish borasidagi tashabbusini ro‘yobga chiqarish O'zbekiston va OTB ikki tomonlama hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlaridan biridir. Bu tashabbus OTB Boshqaruvchilar kengashining 2010-yil may oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Yillik majlisida ilgari surilgan edi. U, jumladan, yaqin yillarda Osiyoda 3 ming MVt quvvatga ega quyosh elektrostansiyalari qurishni ko‘zda tutadi.

OTB bilan birgalikda 2013-yilda Toshkentda Xalqaro quyosh energiyasi instituti tashkil etildi. Bu muassasa nafaqat O‘zbekiston, balki butun Osiyo qit’asining boshqa mamlakatlarida ham qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirishga qaratilgan yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda muhim omil bo‘ladi.