Qozog‘istonda Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) tomonidan xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro turnirda o‘zbekistonlik tennischilar yakkalik va juftlik bahslarida bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Bu haqda O’zA xabar bermoqda.

Musobaqaning yakkalik bahslarida birinchi raqamda saralangan O’zbekistonlik Sabina Sharipova o‘z jamoadoshi Albina Xabibulinani 6:4, 6:4, rossiyalik tennischilar — Yekaterina Tretyakni 6:0, 6:0, Sofya Salimovani 6:3, 6:0, Ivanka Karamalakni 7:5, 6:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, finalga chiqdi. Finalda Sabina Sharipova rossiyalik Alyona Taracova ustidan 7:5, 6:0 hisobida zafar quchib, turnir g‘olibi bo‘ldi.

Bu 19 yoshli tennischining joriy mavsumdagi uchinchi sovrinidir. Sabina Sharipova may va iyun oylarida Qarshi shahrida o‘tkazilgan ikki turnirda ham bosh sovringa sazovor bo‘lgan edi.

Qozog‘istondagi xalqaro turnirning juftlik bahslarida Albina Xabibulina va slovakiyalik Chantal Skamlova dueti g‘alaba qozondi. Birinchi raqamda saralangan ushbu juftlik finalda qozog‘istonlik Asiya Dayir va rossiyalik Ivanka Karamalakni 6:2, 6:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Shu tariqa Albina 2013 yilgi musobaqalarning juftlik uchrashuvlarida oltinchi sovrinini qo‘lga kiritdi.