21-noyabr kuni «O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi» jamg‘armasi (Fond Forum) Toshkent shahridagi markaziy idorasining faoliyati tugatilishi haqida e’lon qildi.

O‘zining 10 yillik faoliyati mobaynida Fond Forum 3000 dan ortiq loyiha va tadbirlar o‘tkazdi, ularning 300 dan ortig‘i xorijda tashkil etildi. 7,5 mln.dan ziyod kishi o‘tgan davr mobaynida jamg‘arma loyihalarining benefitsiarlariga aylandi.

Fond Forum Vasiylik kengashi raisi Gulnora Karimova ta’kidlaganidek, jamg‘armaning barcha majburiyatlari bajariladi. Jumladan, rejalashtirilgan asosiy yirik tadbirlar — 35 mingdan ziyod bolalar ishtirokidagi «Yangi avlod» bolalar ijodiyoti festivali, 84 mingdan ortiq yosh iste’dod egalarni birlashtirgan «Kelajak ovozi» respublika iqtidorli yoshlar tanlovi, mamlakatimizning turli hududlaridan 30 mingdan ko‘proq ayollar qatnashadigan «Yil ayoli» respublika tanlovi, yuzlab usta-hunarmandlar va sulolalar ishtirokidagi «Bazar-Art» ko‘rgazma-yarmarkasi, MTVA milliy mukofotini topshirish marosimi (estrada, kino va teatr yulduzlari), «Mexr nuri» jamg‘armasi hamda Ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash fondi (ITQQF) grant dasturlari, shuningdek, «Hayot uchun!» ko‘krak bezi saratoni milliy uyushmasining respublika bo‘ylab o‘tkaziladigan bepul tibbiy ko‘riklari amalga oshiriladi.

Press-relizda aytilishicha, Fond Forum o‘n yillik faoliyati mobaynida turli loyihalarni amalga oshirish orqali milliy san’at, madaniyat, ta’lim, sport va xayriya sohalarini rivojlantirishga hissa qo‘shib kelganlarning barchasiga chuqur minnatdorlik izhor etadi.

«Iroda, iqtidor va fidokorona mehnatingiz uchun barcha-barchangizga minnatdorlik bildiraman!», — dedi Gulnora Karimova o‘zining rasmiy xabarida.