O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 21-noyabr kuni Oqsaroyda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) prezidenti Takexiko Nakaoni qabul qildi.

Muzokarada tomonlar O‘zbekiston bilan Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasidagi hamkorlik strategik ahamiyat kasb etishi va uzoq muddatli asosga ega ekanini mamnuniyat bilan ta’kidladilar.

Suhbat chog‘ida uzoq muddatli va o‘zaro manfaatdorlik asosida ikki tomonlama hamkorlikni, shuningdek, mintaqaviy loyihalarni amalga oshirishda birgalikdagi sa’y-harakatlarni kengaytirish va rivojlantirish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Ayni paytda tomonlar 2014-2016-yillarga mo‘ljallangan Ikki tomonlama hamkorlik dasturini muhokama qilmoqda. Bu hujjatda neft-gaz sektori, elektr energetikasi, transport infratuzilmasi, suv ta’minoti, uy-joy qurilishi, kichik biznes, sog‘liqni saqlash, ta’lim va kommunal soha kabi yo‘nalishlarda ustuvor loyiha va dasturlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Takexiko Nakao O‘zbekistonga tashrifi Toshkentda o‘tayotgan Osiyo quyosh energiyasi forumining 6-majlisi doirasida bo‘lib o‘tmoqda.

Bu anjumanda hukumatlar, xalqaro moliya institutlari, uskuna ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, ilmiy-tadqiqot markazlaridan qariyb 300 nafar vakil, Osiyo mamlakatlaridan, shuningdek, Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerikadan quyosh energiyasi sohasi bo‘yicha mutaxassislar va ekspertlar qatnashmoqda.

OTB prezidentining ushbu tashrifi doirasida «Samarqand shahrida 100 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektrik stansiyasini barpo etish», «Amu-Buxoro irrigatsiya tizimini reabilitatsiya qilish» hamda «Kichik va mikromoliyalashni rivojlantirish» loyihalari bo‘yicha umumiy qiymati 380 mln AQSh dollariga teng moliyaviy bitimlar imzolandi.

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston — OTB hamkorligi 14,5 mlrd AQSh dollariga teng 40 loyihani o‘z ichiga olgan. Bu loyihalar uchun OTBning umumiy qiymati 4,9 mlrd dollardan ziyod resurslari jalb qilingan. Hamkorlikda Tallimarjon IESida 900 MVt quvvatga ega bo‘lgan ikkita bug‘-gaz qurilmasi barpo etish, avtomobil yo‘llari qurish va ularni rekonstruksiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur, Surg‘il koni negizida Ustyurt gaz-kimyo majmuini barpo etish, qishloq joylarda uy-joy qurish dasturi kabi strategik muhim investitsiyaviy loyiha va dasturlar amalga oshirilmoqda.