Toshkentning «O‘zko‘rgazmasavdo» makazida bog‘dorchilik, polizchilik, asalarichilik va gulchilik sohasidagi «Agro Food — 2013» xalqaro ko‘rgazmasi boshlandi, deb xabar bermoqda O’zA.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan kelgan fermerlar, asalarichilar, gulchilar, agrofirmalar rahbarlari, Xitoy, Isroil, Qozog‘istondan tadbirkorlar ishtirok etayotgan mazkur ko‘rgazma qishloq xo‘jaligi sohasidagi innovatsion texnologiyalar, bog‘dorchilik, polizchilik, asalarichilik va gulchilik yo‘nalishidagi ilmiy ishlanmalarni keng targ‘ib va joriy etishga qaratilgan.

Landshaft dizayni bo‘yicha texnologiyalar, zamonaviy issiqxonalar, quyosh yordamida quritiladigan moslamalar, organik va mineral o‘g‘itlar, uzumchilik, asalarichilik mahsulotlari namoyish etilayotgan ko‘rgazmada meva va sabzavotlarning eng yaxshi navlari, sitrus va manzarali daraxt turlari bilan tanishish mumkin.

Ko‘rgazma doirasida milliy va xalqaro tashkilotlar tomonidan qator yo‘nalishlar bo‘yicha, jumladan, mahsulot ishlab chiqarish, qayta ishlash va eksport qilishga doir bir qator loyihalar taqdimoti o‘tkaziladi.

Tadbir O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Fermerlari kengashi, «O‘zvinosanoat», «O‘zkimyosanoat» kompaniyalari, O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi, Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi, Butunjahon polizchilik markazi tomonidan tashkil etildi.