20 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 2014 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini tasdiqladi. Bu haqda Qonunchilik palatasining axborot xizmati xabar bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqilgan 2014 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A.Haitov taqdim etdi.

Dasturdan ko‘zlangan maqsad — demografik omillar va iqtisodiyotdagi tarkibiy islohotlarni hisobga olgan holda hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarining salohiyatini ishga solish, mehnat resurslaridan oqilona foydalanish, bandlik va tadbirkorlikning samarali shakllarini rivojlantirishga har tomonlama ko‘maklashish orqali aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha keng miqyosdagi va bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iboratdir.

Keyingi yilda 983,6 mingta ish o‘rni tashkil etish nazarda tutilmoqda. Asosiy e’tibor ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini, ayollarni, nogironlarni hamda aholining ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj boshqa toifalarini ishga joylashtirishga qaratiladi.

Dastur ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini, birinchi navbatda, ko‘p bolali ayollar, nogironlar, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirish, kasbga qayta tayyorlash hamda ijtimoiy himoya qilish borasida faol va aniq maqsadga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga doir tarmoq dasturlarini hisobga olgan holda viloyatlar, tumanlar va shaharlar bo‘yicha alohida-alohida ishlab chiqildi. Boz ustiga, ish o‘rinlarini tashkil etish parametrlari investitsiya dasturi, hududlar va tarmoqlarni rivojlantirish, korxonalarni modernizatsiya qilish va texnologik jihatdan yangilash, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini puxta qayta ishlash, transport va kommunikatsiya qurilishi, ijtimoiy hamda bozor infratuzilmasi dasturlari bilan o‘zaro bog‘liq.

Dastur yangi ob’ektlarni ishga tushirish, ishlab turgan ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, qayta jihozlash hamda ulardan to‘laroq foydalanish, sanoatda, qurilishda, xizmatlar ko‘rsatish va servis sohasida kichik biznesni jadal rivojlantirish, infratuzilma, kommunikatsiya va uy-joy qurilishi ko‘lamlarini kengaytirish, mehnatning kasanachilik shakllari imkoniyatlarini kengaytirish, bekor turgan korxonalarni tiklash hisobiga maqbul miqdorda ish o‘rinlarini tashkil etishga hamda aholi bandligini ta’minlashga qaratilgandir.