«Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasida yuqori kuchlanishga chidamli elektr kabellari va simlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yana bir yangi «HPC systems» (Hayat power cable systems) qo‘shma korxonasi ish boshladi.Bu haqda O'zA xabar berdi.

Xitoylik sarmoyadorlarning 20 million 450 ming AQSh dollari qiymatidagi investitsiyasi ko‘magida ish boshlagan mazkur korxona mahalliy xomashyodan yiliga 350 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.

«Jahon standartlariga to‘liq javob beradigan turli o‘lchamdagi mis va alyuminiy kabellar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonaning asosiy xomashyo ta’minotchisi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hisoblanadi», — deydi yangi korxona direktori Yevgeniy Yerofeyev. Uning aytishicha, bu yerda ishlab chiqariladigan mahsulotlarning 60 foizi eksport qilinadi.

«Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasi 2008 yilning dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga binoan zamonaviy yuqori texnologiyali korxonalarni ishga tushirish, sanoat salohiyati, ishlab chiqarish, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishda xorijiy, eng avvalo to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay sharoit yaratish maqsadida tashkil etilgan.

«Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasi hududidagi korxonalarning asosiy faoliyati etib quyidagi yo‘nalishlar belgilangan: avtomobilsozlik, aniq mashinasozlik, elektronika va elektr texnikasi, farmatsevtika va tibbiyot buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, plastmassalarni qayta ishlashga zamonaviy, yuqori samarali uskunalar, innovatsiya texnologiyalarini joriy qilgan holda, keng turdagi yuqori texnologiyali, eksportga yo‘naltirilgan, raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish.

Bu yerda faoliyat yuritadigan rezidentlar uchun qulay imtiyoz va preferensiyalar belgilangan. Bu deyarli soliqsiz, imtiyozli valuta rejimi, shuningdek, chet ellik xodimlarning mazkur zonada bo‘lishining soddalashtirilgan tartibni o‘z ichiga oladi.