Toshkentda 19-21-noyabr kunlari «O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazma markazida ixtisoslashtirilgan «SportWorld Uzbekistan — 2013» sport uskunalari, anjomlari va kiyimlari xalqaro ko‘rgazmasi boshlandi. Bu haqda O'zA xabar bermoqda.

Ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, Sharq yakkakurashlari va jang san’atlarini rivojlantirish markazi tomonidan tashkil etildi.

O‘ttizdan ziyod eksponent o‘z mahsulotlarini «Sportinventar», «Sport uskunalari», «Sport trenajyorlari», «Sport xizmatlari va fitnes» kabi turli bo‘limlarda namoyish etmoqda.

Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro ko‘rgazma ishlab chiqaruvchilariga o‘z mahsulotini namoyish etish, boshqa davlatlar sport sanoatining yetakchi kompaniyalari vakillari bilan uchrashib, muzokaralar o‘tkazish, tajriba almashish, uzoq muddatli amaliy hamkorlik o‘rnatish imkonini beradi.

Xalqaro ko‘rgazmada qator chet el kompaniyalari ham ishtirok etmoqda.