Hisob palata va Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi 2013-yilning to‘qqiz oyida respublika hamda mahalliy byudjetlardan mablag‘ bilan ta’minlanadigan bir yuz yetmishdan ortiq ob’ektni birgalikda rejali tekshiruvdan o‘tkazdi. Bu xaqda O‘zA tarqatgan Hisob palatasi va NTBning qo‘shma bayonotida aytilmoqda.

O‘n to‘rtta olimpiya zaxiralari kollejida o‘tkazilgan jami tekshiruvlar bo‘yicha davlat byudjetiga 2,2 mlrd so‘m zarar yetkazilgani aniqlandi va bugungi kunda yetkazilgan zarar to‘liq hajmda undirildi.
Misol uchun, Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejida kundalik oziq-ovqat mahsulotlarini berish bo‘yicha belgilangan normalarga rioya etmaslik oqibatida oziq-ovqat mahsulotlari sotib olish uchun 238,3 mln so‘m, Urganch olimpiya zaxiralari kollejida esa 129,8 mln so‘m ortiqcha sarflanishiga yo‘l qo‘yilgan.

Namangan va Surxondaryo viloyatlari mahalliy byudjeti ijrosi bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat-tahlil ishlari natijalariga ko‘ra, qiymati 0,9 mlrd so‘mlik soliq va boshqa majburiy to‘lovlar qo‘shimcha hisoblangan.

Bundan tashqari, ushbu viloyatlarda amalga oshirilgan nazorat-tahlil ishlari natijasida ijtimoiy ob’ektlar qurishda 514 mln so‘m, infratuzilma ob’ektlarini barpo etishda 669 mln so‘m va qurilishda 3,3 mlrd so‘m noqonuniy o‘zlashtirilgan holatlar aniqlandi.

Masalan, Surxondaryo viloyati Uzun tumanida «Maxsus qurilish ta’min butlash» mas’uliyati cheklangan jamiyati pudrat tashkiloti tomonidan 360 o‘quvchiga mo‘ljallangan va 150 o‘rinli yotoqxonaga ega xizmat sohasi kasb-hunar kollejini qurishda ishlar hajmi 67,7 mln so‘mga oshirib ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, «Janubgazmaxsusmontaj» unitar korxonasi pudrat tashkiloti Namangan viloyati Kosonsoy tumanida «Obod» suv chiqarish inshootini qurishda qurilish materiallari narxi, mexanizmlar va quruvchilarning bir soatlik ish qiymati oshirib ko‘rsatilgani sababli 244,4 mln so‘m ortiqcha olingan. Namangan viloyati Pop, Chust va Chortoq tumanlarining qishloq joylarida uy-joy qurishda ishlar hajmi 155,6 mln so‘mga va sifatsiz bajarilgan ishlar hajmi 14,6 mln so‘mga oshirib yozilgani aniqlandi.

O‘quv muassasalarini malakali kadrlar bilan ta’minlash masalasi o‘rganilganda esa 227 nafar o‘qituvchi soxta diplom asosida ishlayotgani, 117 nafar o‘qituvchi o‘z ixtisosligi bo‘yicha o‘qitmayotgani aniq bo‘ldi.

Namangan viloyatining Pop va Kosonsoy tumanlaridagi ta’lim muassasalarida soxta diplom asosida ishlayotgan 105 nafar o‘qituvchiga 963,1 mln so‘m, Surxondaryo viloyatida 25 nafar o‘qituvchiga 300,7 mln so‘m ish haqi to‘langan. Tomdi tumanidagi 21-maktab-internatda soxta diplom asosida ishlagan boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi T.Yelmurotovaga keyingi ikki yil davomida 13,0 mln so‘m, rus tili o‘qituvchisi L.Bozorovaga 12,1 mln so‘m to‘langan.

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimini tekshirish davomida qurilish ishlari hajmi, shuningdek, materiallar va ishlatilgan elektr energiyasi narxi oshirib ko‘rsatilgani ma’lum bo‘ldi.

Misol uchun, «Farg‘ona shahridagi Marg‘ilonsoy kanalini rekonstruksiya qilish» ob’ektida bir kvadrat metr metall to‘siq narxi 28,4 ming so‘mga asossiz ravishda oshirib ko‘rsatilgani oqibatida ob’ektning boshlang‘ich qiymati 527,5 mln so‘mga ko‘paygan. Toshkent shahridagi Anhor kanalini rekonstruksiya qilishda narxlar oshirilishi natijasida «Parkentsuvqurilish» ochiq aksiyadorlik jamiyati pudrat tashkiloti tomonidan 77,2 mln so‘m ortiqcha olingan.

Bugungi kunda qonunbuzarlardan 1,8 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ undirildi.

Byudjet mablag‘laridan noqonuniy foydalanish va ularni o‘zlashtirish bilan bog‘liq aniqlangan barcha holatlar bo‘yicha tekshiruv materiallari qonunchilikka muvofiq chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.

«Byudjetdan mablag‘ bilan ta’minlanadigan korxona, tashkilot va idoralar rahbarlari hamda moliya xodimlari byudjet mablag‘laridan noto‘g‘ri va maqsadsiz foydalanilgan har bir holat uchun qonunga muvofiq javob berishga to‘g‘ri kelishini esdan chiqarmasligi darkor» — deb ta’kidlanmoqda Hisob palata va NTB qo‘shma bayonotida.