12-13-dekabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tadi. Bu haqida 14-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi qaror qabul qildi.

Senatning yalpi majlisi muhokamasiga aholi turmush darajasini yanada oshirishni va uning ijtimoiy muhofaza qilinishini kuchaytirishni, iqtisodiyotning yuqori va barqaror sur’atlar bilan o‘sishini ta’minlashni nazarda tutadigan O‘zbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat byudjeti to‘g‘risidagi, shuningdek, 2014-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi to‘g‘risidagi masalalarni kiritish rejalashtirilmoqda.

Senatning yalpi majlisi kun tartibiga siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha sohalarini izchil isloh qilishga hamda liberallashtirishga qaratilgan bir qator O‘zbekiston Respublikasi qonunlari kiritilmoqda.

Butun byudjet jarayonini yanada muntazamlashtirish va kodifikatsiyalashni, tabiatni muhofaza qilish faoliyatining samaradorligini oshirishni, vasiylik va homiylikka muhtoj shaxslarning huquqlari hamda manfaatlarini muhofaza qilishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishni nazarda tutadigan «O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi, «Ekologik nazorat to‘g‘risida»gi, «Vasiylik va homiylik to‘g‘risida»gi va boshqa bir qator qonunlar shular jumlasidandir. «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni, shuningdek, boshqa bir qator qonunlarni ko‘rib chiqish nazarda tutilmoqda.

Shu bilan bir qatorda navbatdagi yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilinadi.