14-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar O‘zbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat Byudjetini tasdiqladilar.

Davlat byudjeti loyihasi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — moliya vaziri Rustam Azimov hamda Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Sarvar Otamurodov ma’ruza qildilar.

Davlat byudjeti loyihasi 2013 yil yanvar oyida o‘tkazilgan Hukumat majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan O’zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi hamda joriy yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarining prognoz bahosi asosida ishlab chiqilgan. Byudjet loyihasi iqtisodiyotning barqaror yuqori sur’atlarda o‘sishini, iqtisodiy barqarorlikni, eksport o‘sishining muvozanatlashtirilgan ko‘rsatkichlarini, tashqi savdo va to‘lov balansining ijobiy saldosini saqlab qolishga, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgandir. Ayni bir vaqtning o‘zida 2014 yilda ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash miqyoslarini jadallashtirish va kengaytirish hamda yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish dasturlarini faol amalga oshirish davom ettiriladi.

2014 yilda yalpi ichki mahsulot 108,1 foizga, sanoat mahsuloti 108,3 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqarish 106 foizga va kapital qo‘yilmalar 109,5 foizga o‘sishi nazarda tutilmoqda. Davlat byudjeti loyihasida yuridik shaxslarning foydasidan olinadigan soliqning bazaviy stavkasini 9 foizdan 8 foizga kamaytirish nazarda tutilmoqda, bu esa 132 milliard so‘mni korxonalar ixtiyorida qoldirish imkonini beradi. Jismoniy shaxslar daromadlaridan olinadigan soliq bo‘yicha daromadlarga soliq solishning eng kam stavkasini 8 foizdan 7,5 foizga kamaytirish nazarda tutilmoqda.

Asosiy moliyaviy hujjat aniq ijtimoiy yo‘nalishga ega. Unda ijtimoiy soha, sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat sohalarini yanada rivojlantirishga, umuman, mehnat haqini jadal oshirishga, manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni ta’minlashga katta e’tibor qaratilgan. Chunonchi, 2014 yilda ta’lim sohasiga ajratiladigan xarajatlar yalpi ichki mahsulotning 7,5 foizini, sog‘liqni saqlashga ajratiladigan xarajatlar esa YIMning 3,1 foizini tashkil etadi, bu esa barkamol va sog‘lom avlodni voyaga yetkazish, shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimini isloh etish bo‘yicha qabul qilingan dasturlarda nazarda tutilgan tadbirlarni to‘liq hajmda moliyalashtirish imkonini beradi. Ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun sarflanadigan xarajatlar 2013 yildagi 59,3 foizdan 2014 yilda 59,6 foizga ko‘payadi.

Fuqarolarni ijtimoiy ta’minlashga ajratiladigan xarajatlarni oshirish ko‘zda tutilmoqda. Ijtimoiy nafaqalar to‘lash, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam berish, shuningdek, kompensatsiya to‘lovlariga sarflanadigan xarajatlar YIMga nisbatan 1,4 foiz miqdorida nazarda tutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 30 mayda qabul qilingan qarori bilan tasdiqlangan 2011-2015 yillarda Yolg‘iz keksalar, pensionerlar va nogironlarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish doirasida mamlakatda yangi tibbiy-ijtimoiy muassasalar qurilishi va mavjudlarini ta’mirlash hamda ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga doir tadbirlarni moliyalashtirish, aholining ushbu toifalarini maqsadli davolash va sog‘lomlashtirishni amalga oshirish, shuningdek, ularning uy-joy maishiy sharoitlarini yaxshilash uchun Davlat byudjetidan mablag‘lar ajratish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Davlat byudjeti loyihasida kam hosil beradigan yerlarda paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, shu jumladan qishloq joylarda yo‘llarni butkul va joriy ta’mirlash ham nazarda tutilgan.

Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan markazlashtirilgan investitsiyalar hajmi 1,5 trillion so‘mni yoki YIMga nisbatan 1,0 foizni tashkil etadi, ushbu mablag‘lar qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta’minlashga va yangi tashkil etilayotgan turar-joy massivlarida ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini va ichki yo‘llar barpo etishga yo‘naltiriladi. Xususan, qishloq joylarda namunali loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joylar qurish dasturiga ko‘ra 2014 yilda barpo etiladigan 11000 ta turar-joy qurilishini moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan YIMga nisbatan 0,5 foiz miqdorida mablag‘ ajratish, shu bilan bir qatorda yakka tartibdagi uy-joy quruvchilarning va Osiyo taraqqiyot banki zayomining mablag‘larini sarflash nazarda tutilmoqda.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, kasanachilik va oilaviy tadbirkorlikning turli shakllarini kengaytirish, shuningdek, kasb-hunar kollejlari va litseylarning bitiruvchilarini ishga joylashtirish hisobiga Ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini amalga oshirish — O‘zbekistonni kelgusi yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlaridan biridir. 2014 yilda 983,6 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etish mo‘ljallanmoqda.

Davlat moliyaviy mablag‘larini boshqarishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanilishini kuchaytirish va davlat tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida 2014 yil 1 yanvardan boshlab 2014-2015 yillarda sinab ko‘rish uchun O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksini amalga kiritish nazarda tutilmoqda. Ana shu davr mobaynida zaruratga qarab o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritib boriladi.

Byudjet kodeksini amalga kiritishdan asosiy maqsad — amaliyotdagi mavjud qarama-qarshiliklar va eskirib qolgan normalarni bartaraf etish, shuningdek, amaliyotda qo‘llaniladigan normalar, qoidalarni, byudjet jarayoni qatnashchilarining vakolatlarini tizimlashtirish imkonini beradigan yagona qonun hujjatida butun byudjet jarayonini tizimlashtirishdan iboratdir.