13-noyabr kuni Toshkentda Xalqaro hamkorlik markazida Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston — Polsha hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqida O'zA xabar tarqatdi.

Hukumatlararo komissiya majlisida Polsha delegatsiyasi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, xususiylashtirish jarayoni, «Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasi va «Angren» maxsus industrial zonasida sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay imkoniyatlar bilan tanishtirildi. Iqtisodiy, moliyaviy-texnikaviy, qishloq xo‘jaligi, sayyohlik kabi sohalardagi aloqalarni yanada kengaytirish, qo‘shma korxonalar soni va o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, birgalikda istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shu kuni O‘zbekiston va Polsha ishbilarmon doiralarining biznes-forumi va kooperatsion birjasi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakatning iqtisodiy salohiyati, mavjud imkoniyatlardan yanada kengroq foydalanish yuzasidan fikr almashildi. Savdo, iqtisodiyot, sarmoya, kimyo, atrof-muhitni muhofaza qilish, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayoniga Polsha kompaniyalarini keng jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo, sanoat, energetika, bank-moliya, qishloq va suv xo‘jaligi, oziq-ovqat, kimyo, to‘qimachilik, axborot va telekommunikatsiya texnologiyalari, sayyohlik, qurilish, farmatsevtika, atrof-muhitni muhofaza qilish kabi sohalarda faoliyat ko‘rsatayotgan qator vazirlik va idoralari, firma va kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston — Polsha iqtisodiy munosabatlari savdo-iqtisodiy hamkorlik, sarmoyalarni himoyalash va rag‘batlantirish, ikki tomonlama soliqdan qochish, imtiyozli hamda tijorat kreditlari ajratish, sayyohlik sohasidagi hamkorlikka doir qirqdan ziyod hujjatga asoslanadi. Bu boradagi aloqalarda eng ko‘p qulaylik yaratish tizimi joriy etilgan. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi muntazam oshmoqda. 2012 yilda ushbu ko‘rsatkich 2011 yilga nisbatan 35,9 foiz ko‘p — 148,3 million AQSh dollarini, joriy yilning 9 oyida esa 127,6 million dollarni tashkil etdi.