Mini-futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 2014 yili Vetnamda bo‘ladigan Osiyo chempionatining final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi, xabar bermoqda O'zA.

Toshkentning «O‘zbekiston» sport majmuasida davom etayotgan Osiyo chempionatining saralash musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi ikkinchi uchrashuvda Tojikiston futbolchilari ustidan ham 5:4 hisobida g‘alabaga erishdi.

O‘yinning to‘qqizinchi daqiqasida o‘zbekistonliklar hujumini qaytarishga chog‘langan tojikistonlik himoyachi Samad Shohzuhurov to‘pni o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi. Terma jamoaga g‘alaba keltirgan yana to‘rtta golga Dilshod Rahmatov, Dilshod Irsaliyev, Artur Yunusov va Nodir Eliboyev mualliflik qildi.

Guruhdagi ikkinchi uchrashuvda Qirg‘iziston terma jamoasi Turkmaniston futbolchilari bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi.

Ikkinchi tur natijasiga ko‘ra, olti ochko bilan yakkapeshqadamga aylangan O‘zbekiston terma jamoasi muddatidan oldin Osiyo chempionatining final bosqichiga chiqdi.