O’zbekistonliklar Shengen davlatlariga Viza olish uchun barmoq izini topshirishi shart bo’ldi. Bu haqda Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasining matbuot bo’limi xabar bermoqda.

Shengen davlatlarining barcha O‘zbekistondagi konsullik vakolatxonalaridan Viza olish uchun 2013 yil 14 noyabr kunidan viza bo‘limiga arizachining shaxsan o‘zi kelishi shart, undan biometrik fotosurat va 10 ta barmog‘idan iz olib qolinadi. Keyingi 5 yil ichida viza uchun yana hujjat topshirilgan vaqt tizimda saqlanadigan barmoq izlaridan qaytadan foydalanish mumkin bo‘ladi.

Barmoq izlarini topshirish majburiyatidan faqat 12 yoshga to‘lmagan bolalar, barmoqlarining jismoniy holati tufayli barmoq izlarini olish imkoni bo‘lmagan shaxslar, Shengen davlatlari hukumatlari yoki xalqaro tashkilotlar tomonidan biror rasmiy sabab bilan taklif qilingan holatda: davlat va hukumat rahbarlari hamda milliy hukumatlar a’zolari safarga birgalikda chiqadigan turmush o‘rtoqlari bilan, ularning rasmiy delegatsiyalari a’zolari ozod etiladilar.

Bunday majburiyat O’rta Osiyodagi barcha Shengen davlatlar elchixonalari Shengen davlatlari o‘rtasida vizaga oid ma’lumotlarni o‘zaro almashish (VIS) tizimiga ulanganidan kelib chiqdi. VISning asosiy maqsadi viza olish uchun hujjat topshirish jarayonini osonlashtirish, tashqi chegaralardagi nazoratlarni yengillashtirish va xavfsizlikni — shu jumladan arizachining o‘zi uchun ham — kuchaytirishdan iboratdir.

VIS 2011 yil 11 oktabrdan boshlab ishga tushgan. Shengen davlatlari elchixonalarining viza bo‘limlari ushbu tizimga bosqichma-bosqich ulanib borilmoqda.