O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida «O‘zbekiston — Yevropa Ittifoqi» parlament hamkorligi qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqida «Jahon» Axborot agentligi xabar berdi.

Majlisda O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar, xususan, ijtimoiy-iqtisodiy, sarmoyaviy, moliyaviy va huquqiy sohadagi hamkorlikni yanada faollashtirish, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik transchegaraviy ekologik muammolarni bartaraf etishga doir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi.

«Yevropa Ittifoqi bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalar izchil rivojlanib bormoqda», — dedi «O‘zbekiston — Yevropa Ittifoqi» parlament hamkorligi qo‘mitasi hamraisi, Yevropa Parlamenti delegatsiyasi rahbari Paolo Bartolotssi (Italiya). — «O‘zbekiston — Markaziy Osiyodagi yetakchi mamlakatlardan. O‘zbekistonda demokratik institutlar faoliyatini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan izchil isohotlar yuksak e’tirofga sazovordir. Qo‘mitaning avvalgi majlislarida erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekistonda ulkan ishlar amalga oshirilganini qayd etishni istardim. O‘zbekistonda ta’lim sohasini isloh qilish borasida katta yutuqlarga erishilayotgani bizni g‘oyat quvontiradi. Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan turli yo‘nalishlardagi o‘zaro munosabatlarni yanada ravnaq toptirishdan manfaatdordir».

«O‘zbekiston — Yevropa Ittifoqi» parlament hamkorligi qo‘mitasi Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan siyosiy muloqotni rivojlantirishga va barcha sohalardagi amaliy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek ikki tomon o‘rtasida parlamentarizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish maqsadida 1999 yilda tashkil etilgan.