Futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2014-yilgi Osiyo chempionati saralash bahslari 2-turida Tojikiston terma jamoasi ustidan 5:4 hisobida g‘alaba qozondi va kelasi yili Vetnamda bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionati final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Bu haqda Oʻzbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

6-noyabr kuni Toshkentdagi «O‘zbekiston» sport majmuasida Janubiy va Markaziy Osiyo saralash guruhi, 2-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Tojikiston terma jamoasiga qarshi maydonga tushgan Bahodir Ahmedov bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston terma jamoasi uchrashuvda 5:4 hisobida g‘alaba qozonishdi.

Bahodir Ahmedov shogirdlari o‘yinni 9-daqiqasida hisobni ochishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu vaziyatda Nodir Eliboyevning o‘ng qanotdan jarima maydonchasiga uzatgan to‘pini Tojikiston terma jamoasi himoyachisi o‘z darvozasiga to‘g‘irlab qo‘ydi — 1:0. Avvalgi uchrashuvda 5 ta gol muallifiga aylangan Dilshod Raxmatov esa, o‘yinning 20-daqiqasida yana bir bor o‘z individual mahoratini namoyish etib, tojikistonlik darvozabonni ortdi qoldirdi va darvozani ishg‘ol qildi. Shu tariqda O‘zbekiston terma jamoasi tanaffusga 2:0 hisobidagi g‘alaba bilan chiqib ketdi.

Ikkinchi bo‘limning dastlabki daqiqalarida esa, «O‘zbekiston» sport majmuasiga yig‘ilgan muxlislar birdaniga 3 ta gol ko‘rishga muvaffaq bo‘lishdi. Avvaliga Dilshod Irsaliyev va Artur Yunusovlar Tojikiston darvozasini ishg‘ol etishgan bo‘lsalar, shu daqiqaning o‘zida tojikistonlik futzalchilar ham gol urishga muvaffaq bo‘lishdi.

O‘yinning 29-daqiqasida Nodir Eliboyev yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol etib, hisobni 5:1 ko‘rinishga olib keldi. Ushbu goldan so‘ng uchrashuv g‘olibi masalasi deyarli aniq bo‘lib ulgurgandek ko‘rinsada, Tojikiston terma jamoasi futzalchilari ketma-ket ikkita gol kiritib hisobni qisqartirishdi. O‘yin tugashiga bir daqiqa qolganda esa, tojikistonliklar to‘purari Hurshid Mahmudov bo‘sh qolgan darvoazani ishg‘ol etib hisobni 5:4 bo‘lishini ta’minladi. Bu vaziyatda Bahodir Ahmedov darvozabon o‘rniga beshinchi o‘yinchini maydonga tushirgan edi.

O‘yinning qolgan qismida darvozalarga boshqa to‘p kiritilmadi va uchrashuv 5:4 hisobida O‘zbekiston terma jamoasining g‘alabasi bilan yakuniga yetdi. Shu tariqa, Bahodir Ahmedov bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston terma jamoasi kelasi yili Vetnamda bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionati yo‘llanmasini muddatidan oldin qo‘lga kiritdi. Qolgan ikki yo‘llanma esa, 7-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan so‘nggi tur uchrashuvlaridan so‘ng ma’lum bo‘ladi.

Kunning ikkinchi o‘yinida esa Qirg‘iziston va Turkmaniston futzalchilari o‘zaro maydonga tushishdi. Juda qiziqarli va kurashlarga boy uchrashuvda durang natija qayd etildi — 2:2. O‘yinning birinchi bo‘limida 2:0 hisobida o‘z foydasiga hal qilgan Qirg‘iziston terma jamoasi ikkinchi bo‘limda turkmanistonlik raqiblariga tashabbusni boy berib qo‘ydi va buning natijasida o‘z darvozasidan ikki to‘p o‘tkazib yubordi. O‘yin esa shu hisob bilan yakuniga yetdi.

Futzal bo‘yicha Osiyo chempionati saralash so‘nggi tur uchrashuvlari 7-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Kunning birinchi yarmida, soat 16:00 da Tojikiston hamda Turkmaniston terma jamoalari maydonga tushishsa, soat 19:00 da O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan o‘zaro bahslashadi.