11-15 noyabr kunlari o‘tkaziladigan O‘zbekistonda Yevropa ta’limi kunlari doirasida «Yevropa Ittifoqidagi ta’lim» ta’limiy ko‘rgazmasi, mamlakatimiz universitetlarida «Erazmus Mundus» stipendial dastur taqdimotlari va ushbu dastur bitiruvchilari uchun davra suhbati bo‘lib o‘tadi. Bu haqida O’zA xabar bermoqda.

Toshkentda O‘zbekistonda Yevropa ta’limi kunlarining o‘tkazilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbir Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tashkil qilindi.

Yevropa ta’limi kunlarning asosiy tadbiri, ta’lim ko’rgazmasi, Toshkent Arxitektura-qurilish institutida 11- va 12-noyabr kunlari bo’lib o’tadi. Shuningdek, Erasmus Mundus dasturi Samarqand, Andijon, Farg'ona va Nukusda taqdim etiladi. Tadbirlar haqida batafsil ma'lumot Evropa Ittifoqi Delegatsiyasi va Tempus Milliy Offisining vebsaytlarida e'lon qilinadi.

O‘zbekiston va Yevropa oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi hamkorlik «Tempus» dasturi doirasida amalga oshirilmoqda, u o‘z navbatida yana bir dastur — «Erazmus Mundus» faoliyatiga zamin yaratdi.
Mamlakatimizning 55 dan ziyod oliy o‘quv yurti talabalar va o‘qituvchilar mobilligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi hamkorlikning uzoq muddatli loyihalarida ishtirok etmoqda. Bu esa O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.