6-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida Vazirlar Mahkamasi taqdim etgan 2014-yilga mo‘ljallangan Davlat byudjeti loyihasi va soliq-byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. Bu haqida Qonunchilik palatasining axborot xizmati xabar berdi.

2014-yil uchun soliq-byudjet siyosatini takomillashtirish bo‘yicha taklif etilayotgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida Davlat byudjeti daromadlari yalpi ichki mahsulotga (YIM) nisbatan 21 foizni, xarajatlari 22 foizni va taqchilligi 1 foizni tashkil etishi ko‘zda tutilmoqda.

Hukumatning taxmini bo'yicha, 2014-yilda YIM 8,1 foizga, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmlari 8,3 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 6 foizga, kapital qo‘yilmalar 9,5 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Byudjet va soliq siyosatida iqtisodiyotni modernizatsiya qilishni rag‘batlantirish, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘lllab-quvvatlash, soliq yukini pasaytirish, investitsiya muhitini yaxshilash asosida makroiqtisodiy o‘sishni ta’minlashga hamda aholi farovonligini oshirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, davlat moliyasini boshqarishning huquqiy asoslarini yanada mukammallashtirish, byudjetdan ajratilgan mablag‘lardan foydalanish samaradorligini va davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida 2014-yil 1-yanvardan boshlab Byudjet kodeksini eksperiment tariqasida 2014-2015 yillar davomida sinov sharti bilan amalga kiritish taklif etilmoqda, ushbu davrda unga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Byudjet kodeksini amalga kiritishdan maqsad amaliyotda mavjud ziddiyatlarni va eskirib qolgan me’yorlarni bartaraf etish hamda amaliyotda qo‘llanilayotgan normativlarni, byudjet jarayoni qatnashchilarining vakolatlarini tizimlashtirishga imkon yaratadigan yagona va to‘liq qonun xujjatda barcha byudjet jarayonini tizimli aks ettirishdir.

2014-yil uchun belgilangan soliq siyosati konsepsiyasida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida iqtisodiyotga soliq yuki o‘tgan yilga nisbatan 0,5 foizga kamayadi.

Ijtimoiy xarajatlarda muhim o‘rin tutuvchi ta’lim sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar YIMga nisbatan joriy yilda kutilayotgan 7,6 foiz o‘rniga 2014-yilda 7,8 foizni, sog‘liqni saqlash tizimida ushbu yilda kutilayotgan 3,2 foiz o‘rniga 3,3 foizni tashkil etib, sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish bo‘yicha qabul qilingan dasturlarda nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirishni to‘la ta’minlash imkoniyatini beradi.

Tadbirda e’tirof etilishicha, barcha qabul qilingan ijtimoiy dasturlarning amalga oshirilishini, ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlarning sifatini yaxshilashni izchil davom ettirish bilan bir qatorda 2014-yil uchun mo‘ljallangan byudjet siyosati konsepsiyasida asosiy e’tibor byudjet harajatlarining ijtimoiy yo‘naltirilganligini kuchaytirishga, aholini manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va byudjet muassasalari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va ijtimoiy nafaqalar miqdorlarini oshirish evaziga aholi farovonligini izchil yuksaltirishga qaratilgan.