VII Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida ishtirok etgan 1300 dan ziyod korxona va kompaniyaning mingdan ortig‘i kichik biznes va xususiy tadbirkorlik korxonalaridir. Ushbu korxonalar namoyish etgan 13 ming turdan ortiq mahsulotning ikki mingtasi 2012-2013-yillarda o‘zlashtirilgan yangi mahsulotlar. Bu xaqda O'zA xabar berdi.

Bu galgi yarmarkani va Kooperatsiya birjasini 87 ming nafardan ziyod kishi kelib ko‘rdi. Germaniya, Italiya, Hindiston, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Xitoy, Ukraina, Rossiya, Turkiya kabi dunyoning 55 mamlakatidagi kompaniya va firmalarning bir ming yuz nafarga yaqin vakili qatnashdi.

Kommunal xo‘jalik, transport, kapital qurilish va qurilish sanoati, mashinasozlik, mahsulotni standartlashtirish, geologiya, kimyo, elektr texnika, neft-kimyo, metallurgiya sanoati, qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy muhofaza, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar kabi sohalar korxonalari keng tanishtirildi.

Korxona va tashkilotlar stendlarida ayni paytda import qilinayotgan mahsulotlar, mahalliy xomashyo resurslaridan foydalanish, ishlab chiqarishni texnologik modernizatsiya qilish hamda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish asosida ishlab chiqarilayotgan mahalliylashtirilgan mahsulotlar namoyish qilindi.

Bundan tashqari, Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida hududiy korxonalar salohiyati ham keng namoyish etildi.

Barcha tadbirlar vazirlik va idoralar, sug‘urta kompaniyalar, banklar, standartlashtirish va sertifikatlashtirish sohasiga ixtisoslashtirilgan tashkilotlar mutaxassislari ishtirokida o‘tkazildi va ular o‘zining malakali maslahat xizmatlarini ko‘rsatdi. Yarmarka va birja ishtirokchilari, ushbu tadbirga tashrif buyurganlar bir-biriga yaqin ishlab chiqarishlar ehtiyojini baholab, shu asosda mahsulot yetkazib berish, xususan, eksport qilish uchun buyurtmalar portfelini shakllantirish imkoniga ega bo‘ldi.

Misol uchun, 2012-yilda qiymati qariyb 5 trillion so‘mlik mahsulot xarid qilish uchun shartnomalar tuzilgan bo‘lsa, bu yil ushbu ko‘rsatkich 1,24 martaga oshgan. Respublikada ishlab chiqarilgan mahsulotlarni eksportga sotish bo‘yicha tuzilgan shartnomalar hajmi o‘tgan yili 5,2 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, joriy Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi yakunlari bo‘yicha bu ko‘rsatkich 22 foizga oshdi.

Forum doirasida bo‘lib o‘tgan tarmoq va korxonalarning 76 markazlashtirilgan taqdimot marosimida ularning texnik hamda texnologik imkoniyatlari namoyish etilganini ham alohida ta’kidlash joiz. Mazkur taqdimotlar ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish imkonini berdi. Ishlab chiqarish-texnik yo‘nalishidagi butlovchi hamda tayyor buyumlarni yetkazib berish yoki xarid qilish bo‘yicha shartnomalar tuzildi. Boz ustiga, iste’molchilar buyumlar, qayta ishlangan xomashyo va materiallarni qo‘shimcha tender savdolarisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida sotib olish imkoniga ega bo‘ldi.