26-apreldan 20-mayga qadar Toshkent shahrining Uchtepa tumanida joylashgan DIMAX biznes-markazida «Qurilish va landshaft dizayni-2013» mavsumiy ko‘rgazma-yarmarkasi o‘tkaziladi.

Bir oy davom etadigan ushbu tadbir DIMAX doimiy faoliyat yurituvchi xalqaro qurilish yarmarkasining 2013-yilga mo‘ljallangan mavsumiy ko‘rgazmalar rejasiga binoan tashkil etilmoqda.

2013-yilning «Obod turmush yili» deb e'lon qilinishi munosabati bilan biznes-markaz tomonidan ushbu ko‘rgazma doirasida qator ijtimoiy ahamiyatli tadbirlar o‘tkazilishi ham belgilangan.

Xususan, Uchtepa tuman hokimligi tashabbusi bilan 26-aprel kuni biznes-markaz hududida «Mahalla obod — yurt obod» shiori ostida mahallalarni obodonlashtirishga yo‘naltirilgan katta tadbir uyushtiriladi. Unda tuman hududida faoliyat ko‘rsatayotgan landshaft dizayni, fito-ko‘rgazma, ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish bilan shug'ullanadigan korxona va tashkilotlar, xalq amaliy san'ati namoyandalari — hunarmandlar, qo‘g'irchoq ustalari, kashtachi-so‘zanachilar ishtirok etadi. Ularning ijod va mehnat namunalaridan keyinchalik tuman mahallalarini obodonlashtirish ishlarida foydalaniladi.

Xuddi shu kuni aholi o‘rtasida, ayniqsa, yoshlarning oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik va hunarmandchilik kabi kichik biznes turlari bilan shug'ullanishni rag'batlantirish maqsadida Uchtepa tumani Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan hamkorlikda joriy yilda kollej va litseylarni bitirayotgan yoshlar uchun bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi ham tashkil etiladi.

DIMAX biznes-markazining kamta'minlangan oilalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish dasturi doirasida shu kuni tuman hududida istiqomat qilayotgan ko‘pbolali oilalar farzandlarining sunnat to‘ylari ham o‘tkaziladi.

Mazkur tadbirlar doirasida poytaxtimizning mohir oshpazlari o‘rtasida «Osh musobaqasi», el sevgan san'atkorlar ishtirokida katta gala-konsert o‘tkazish ham rejalashtirilgan.

Manzil: Toshkent shahri, Uchtepa tumani, TXAY, Sanoat hududi-5. Murojaat uchun telefonlar: 247-31-49, 177-98-23, faks: 247-31-48.