O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 24-aprel kuni Oqsaroyda AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Robert Bleykni qabul qildi.

Davlat rahbari ikki tomonning sa’y-harakatlari natijasida O‘zbekiston-AQSH munosabatlari uzoq muddatli asosda barqaror rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

Davlatlararo munosabatlar va ishbilarmon doiralar, fan-ta’lim sohasi, O‘zbekiston va AQSHning fuqarolik jamiyatlari vakillarining samarali hamkorligi o‘zaro hurmat va manfaatlarni inobatga olish tamoyillari asosida izchil rivojlanmoqda.

Suhbat asnosida tomonlar dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar, jumladan, Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat yuzasidan fikr almashdilar.

Davlat kotibining yordamchisi samimiy qabul hamda O‘zbekiston-AQSH munosabatlariga doir muhim masalalarni muhokama qilish imkoniyati yaratilgani uchun O‘zbekiston Prezidentiga minnatdorlik izhor etdi, AQSH rahbariyati turli sohalarda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida bundan buyon ham birgalikda ish olib borish tarafdori ekanini qayd etdi.