TVM telekanalining mashxur loyihalaridan biri bo‘lmish «Oshga marhamat» o‘zining uchinchi mavsumini boshlash arafasida turibdi. Navro‘z bayrami kunlari hamyurtlarimiz har payshanba oqshomi intiqib kutadigan ko‘rsatuv yana efirga uzatiladi.

Bu mavsumdan boshlab mazkur teleloyihada qator o‘zgarishlar kiritilganligini ta’kidlash o‘rinlidir. Eng muhim yangilik shuki, endi osh chempionatining dastlabki bosqichi viloyatlarda bo‘lib o‘tadi. Uning g‘oliblari Toshkentda to‘planib, o‘zaro baxsga kirishadi.

Loyiha mualliflari yangi mavsumning birinchi ko‘rsatuvini tasvirga tushirish uchun Samarqandga tashrif buyurdi. Nega osh chempionatiga aynan bu ko‘hna shaharda start berilganligi bilan qiziqdik. Chempionatning bosh hakami O‘tkur Daminov 2012-yilda o‘tkazilgan oshpazlar musobaqasida samarqandlik Abdumannon Nusratov g‘olib chiqqanligi bois shunday qarorga kelinganligini ta’kidladi.

«Oshga marhamat-3» ko‘rsatuvi ijodkorlari tasvirga tushirish uchun joy tanlash ilinjida butun shaharni aylanib chiqdi. To‘g‘ri-da, «fon kerak, fon!», — deydi har bir rejissyor. Qidirgan topadi, deganlaridek, oxiri Toshkent ko‘chasida, shundaygina Bibixonim masjidi yonginasida joylashgan choyxona tanlandi. To‘g‘risini aytadigan bo‘lsak, ajoyib fon topildi. Bunga ko‘rsatuvni tomosha qilgan har bir yurtdoshimiz xolisona baho bera oladi, deb o‘ylaymiz.

Osh chempionatini o‘tkazishda yuz bergan bu yilgi yana bir yangilik boshlovchi Murod Rajabov yoniga o‘zbekning «shum bolasi», palovni o‘g‘rincha paqqos tushirishni bolaligidayoq boplagan Abdurahim Abduvahobov qo‘shilganligi bo‘ldi. Ana shunday ajoyib ikkilikning tashkil etilishi ko‘rsatuvning yanada qiziqarli chiqishida, uning reytingini oshirishda yaxshi samara berishiga umid qilsa bo‘ladi.

Ko‘rsatuvni tasvirga tushirish jarayonida ikkala mashhur san’atkorning ishiga nazar solib, ular o‘rtasidagi «mehnat taqsimoti»ni kuzatish mumkin edi. Oddiyroq aytganda, osh va oshpazlarga mas’ullik Murod Rajabov zimmasida bo‘lsa, shahar aylanib, mahalliy aholi va mehmonlar bilan Samarqand haqida, uning o‘ziga xos xususiyatlari va ajoyibotlari haqida suhbatlar qilishni Abdurahim Abduvahobov bo‘yniga olgan ekan.

Musobaqada besh nafar oshpaz bellashdi. Ular oldiga aniq bir shart qo‘yilmadi. Oshpazlarning yagona vazifasi oshni mazali pishirishdan iborat edi. Ular ishini turli kasb egalaridan iborat hakamlar hay’ati baholadi. Tanlov yakunida so‘zlagan bosh hakam O‘tkir Daminov oshpazlar va hay’at a’zolari ishidan qoniqqanligini uqtirdi.

Osh chempionatining Samarqandda o‘tkazilgan dastlabki bosqichi 21-mart kuni efirga uzatiladi.

Foto