Yurgan — daryo, o‘tirgan — bo‘yra. Istambulga uch kunlik safar asnosida talay ajoyibotlarga guvoh bo‘ldik. Ko‘hna shahar, bir qarasangiz, yoshini yashab, oshini oshagan mo‘ysafid siymosida gavdalanadi. Yana bir qarasangiz, o‘n gulidan bir guli ochilmagan navjuvon yigit… Vaqtning beayov sinovlaridan omon chiqqan osori atiqalarni-ku, hisoblayman deb sanoqdan adashasiz!

Ehromga tengdosh obida

Taqsim mavzesida joylashgan ko‘rkam mehmonxonadan qo‘nim topdik. Musofirxonamiz Istambulda otning qashqasidek taniqli Istiqlol ko‘chasi muyulishida joylashgan. Gavjum sayilgoh Nyu Yorkning Brodveyini esga soladi. Do‘konlar, tamaddixonalar, karvonsaroylar, ko‘ngilochar maskanlar… Tunu kun odam arimaydi. Ming ko‘zli izdihom! Tumonat odam! Tijoratchi ham shu yerda, ziyoratchi ham!

Istambul — jahongirlar ko‘z tikkan qadimiy kent. O’tmishda Rim, Vizantiya va Usmonlilar kabi uch buyuk saltanat poytaxti bo‘lgan. Shundanmi, shaharning har bir mahalla-mavzesida almisoqdan qolgan obidalar uchraydi. Vizantiya osori atiqasini tomosha qilib, taajjubga g‘arq bo‘lib turganingizda, nogoh Usmoniylarning biror obidasi qarshingizdan chiqadi-yu, hayratingiz chandon ortadi. Go‘yo vaqt mashinasiga o‘tirvolib, zamonlar osha sayohat qilayotgandek his qilasiz o‘zingizni.

Antik davrda yuz ming odamni bag‘riga sig‘dirgan Ippodrom maydoni. Qo‘rquv bilmas gladiatorlarning o‘kirishi, tanasini oftobda obdon toblagan chayir atletlarning harsillashi, chopag‘on arg‘umoqlarning asabiy dupuri… eshitiladi. Xayol uzoq-uzoqlarga olib qochadi. Maydon o‘rtasiga Misrdan keltirilgan 3500 yoshli tosh ustun o‘rnatilgan. Ehromlarga tengdosh obida yonida Usmonlilar me’morchiligi durdonasi Sulton Ahmad masjidi (Moviy jome) qad rostlagan. Mezanalari ko‘kka bo‘y cho‘zgan mahobatli masjid qarshisida esa tillarda doston Aya Sofya! Nasroniy va musulmon uchun birdek qadrli muazzam obidaga mahliyo bo‘lasiz-qolasiz.

Aya Sofyadan chiqqan sayyohlar to‘p-to‘p bo‘lib Yerebatan — qadimiy yerosti suv omboriga qarab ketayotir. Siz-da ularga ergashasiz. V-asrda bunyod etilgan suv ombori hayhotdek saroyga o‘xshaydi. Yerosti suv inshootini quchoqqa sig‘maydigan ulkan kolonnalar tutib turibdi. Bir zamonlar strategik ahamiyat kasb etgan omborda obi hayot zaxirasi saqlangan. Bugun esa bu maskan insoniyat tafakkurining noyob yodgorligi sifatida jahongashta sayyohlar tasarrufida. Nimqorong‘i inshootda nayning jununvash navosiga some bo‘lasiz. Benazir akustika! Shu tobda ruhingiz kengliklariga Mavlono Rumiyning: «Tingla naydin, chun hikoyat aylagay, Ayriliqlardan shikoyat aylagay…» satrlari oqib kiradi. Nay nolasiga sel bo‘lib, shaharning yurak yurishiga quloq tutasiz…

Ayyub al-Ansoriy huzurida

Yo‘lboshlovchimiz Sayima xonim atrofimizda girgitton, bizlarni yeru ko‘kka ishonmaydi, qiziq-qiziq hikoya va naqllar aytib charchamaydi. Uning maslahati bilan muqaddas qadamjolardan Ayyub al-Ansoriy maqbarasini ziyorat qildik. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v)ning bayroqdor sahobalaridan bo‘lgan bu zot 678-yili shahar ostonasida shahid bo‘lgan. 1453-yili Konstaninopol Fotih Mahmud tomonidan egallangach, sahoba xoki yotgan maskanda maqbara va masjid bino qilingan. Bu yerda ham yil-o‘n ikki oy ziyoratchilar qadami uzilmaydi.

Sulaymoniya masjidi — yana bir muhtasham obida. 1550-1557-yillarda Sulton Sulaymon buyrug‘i bilan qo‘li gul me’mor Sinon tarhi asosida qurilgan. Masjidning 53 metrli niliy gumbazi bir necha chaqirimdan ko‘rinadi. Serustun xonaqohga qadam qo‘yishingiz bilan ko‘nglingizni sokinlik chulg‘aydi. Xonaqohning 136 ta derazasidan tushayotgan quyosh nurlarida kamalak jilva etadi. Cho‘g‘dek gilamlar to‘shalgan jome minglab namozxonni bag‘riga oladi. Darvoqe, bugun «Muhtasham asr» seriali bilan Ovro‘payu Osiyo tomoshabini xayolini o‘g‘irlagan Sulton Sulaymon va uning rafiqasi Roksalana (Xurram) hilxonasi shu maskanda.

65 ming osora atiqa

To‘pqopi saroy-muzeyiga kirmagan odam Istambulni ko‘rmadim desa ham bo‘ladi. Aksar tarixiy obidalarga qo‘riqchilar ko‘zga tashlanmaydi. Ammo To‘pqopi qopqasida qurol ko‘targan o‘nlab muhofizlarni ko‘rish mumkin. Buncha ehtiyotkorlik boisi ne? Aslaha tutgan askarlar nimalarga ko‘z-quloq bo‘lib turibdi o‘zi?

To‘pqopi XIX-asrga qadar Usmonli hukmdorlarining asosiy qarorgohi bo‘lgan. Podshoh devonxonasi, kutubxonasi, xobxonasi va haramidan iborat majmua 700 ming metr kvadrat hududni band etgan. Deylik, Fransiya qirolining Versal saroyi bir urinishda bunyod etilgan. To‘pqopi esa asrlar davomida kengaytirilgan, sayqallangan. Odam oshib o‘tolmaydigan baland devor bilan ihotalangan saroyda 400 yil davomida 25 nafar sulton umrguzaronlik qilgan.

Saroy-muzeyda asrlar davomida jamlangan moddiy va ma’naviy boyliklar namoyishga qo‘yilgan. Munaqqash zallarda xattotlik, musavvirlik, zargarlik, sahhoflik, aslahasozlik va xalq amaliy san’atining boshqa bebaho namunalari, qiymati mamlakatlar boj-xirojiga teng duru javohirlar saqlanmoqda. Islom tarixi va san’ati bo‘lmasidan esa Ibrohim (a.s) kosasi, Muso (a.s.) hassasi, Dovud (a.s.) shamshiri, Yusuf (a.s.) sallasi, Muhammad (s.a.v)ga tegishli muborak hirqa, mo‘y, tish, qilich, maktub kabi noyob eksponatlar o‘rin olgan.

Kumush panjara bilan o‘ralgan bo‘lmada Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v)ning hirqai saodati — tuya yungidan tikilgan, o‘lchami 1 metru 24 sm libosni ko‘rish mumkin. Rivoyatlarga qaraganda, bir majlisda shoir Ka’b bin Buxor go‘zal ash’or o‘qigan. She’rdan ta’sirlangan Rasululloh (s.a.v.) saodatmand shoirni alqab, egnilaridagi hirqani unga tuhfa qilganlar. Ardoqli hadyani shoirning avlodlari ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylagan. Keyinroq xalifa Muoviya hirqani 20 ming tangaga sotib olgan. Shu tariqa muborak libos asrlar davomida arab sulolalari bisotida saqlangan. Sulton Salim 1517-yili Misr Mamluklarini yenggach, hirqani Istambulga keltirgan…

Eh-he, nimasini aytay, muzeydan joy olgan har bir eksponatning o‘z tarixi, taqdiri bor!

Ochiq osmon ostidagi muzeylar maskani bu. Yo‘lboshlovchimiz Saima xonim hikoya qilishicha, shahar ma’muriyati 2003-yili yana bir yangilikka qo‘l urdi: Miniaturk muzeyini tashkil qildi. 60 ming kvadrat metrni egallagan muzeyda Turkiyadagi tarixiy obidalarning kichraytirilgan maketlari bilan tanishasiz. Plastik materialdan, originalga ikki tomchi suvdek o‘xshash yasalgan tarhlarni qishin-yozin ochiq maydonda tomosha qilish mumkin. Eksponatlar orasida mamlakatning uchming yillik tarixiga shohid Artemida ibodatxonasi, Galikarnas maqbarasi maketlarini ham ko‘rdik.

Bir kunda to‘rt fasl

Istambulni Bosfor bo‘g‘ozi, Qora va Marmar dengizlari o‘rab turadi. Uch yoqdan suv bilan qoplangan shahar dunyoning hech bir hududida uchramaydigan betakror iqlimga ega. Havo beqaror, o‘zgaruvchan. Quyosh yuzini birdaniga bulut qoplab, osmon chok-chokidan so‘kilib, yomg‘ir quyib berishi mumkin. Shu mahal g‘azabnok shamollar bebosh bulutlarni quvlab solib, oftob yuzidagi pardani ochib yuborishi-da hech gap emas. Mahalliy aholi ta’biri bilan aytganda, Istambulda ba’zan bir kunda to‘rt faslni boshdan kechirishga to‘g‘ri keladi.

Ayvoni dengizga qaragan qahvaxonalar hamisha gavjum. Bizga ham mashhur Pyer Loti nomidagi qahvaxonada achchiqqina choy ichib, Oltin muguz bo‘g‘ozi (Xalic)ning betakror manzarasini tomosha qilish nasib etdi. Moviy dengiz muttasil mavjlanadi, qafasga sig‘magan qush kabi o‘zini qirg‘oqqa uradi. Ulkan yelkanli kemalar onda-sonda pishqirib qo‘yadi. Sohilbo‘yida esa chag‘alaylar betinim raqs tushadi. O’xshashi yo‘q go‘zal manzara!

Shahar ko‘chalari uzzukun tirband. Qo‘qonarava arang sig‘adigan ilonizi ko‘chalardan tarix bo‘yi kelib turibdi. Bu yerlardan ne-ne olamgirlar suron solib o‘tgan. Ajabki, ularga dunyo vafo qilmadi, ammo bu ko‘chalar hali ham nafas olib turibdi, tirik. Mashinani tik-nishab ko‘chalardan uchirib ketayotgan haydovchining jur’atini ko‘rib yuragingiz orqaga tortib ketadi. Ishining ustasi bo‘lib ketgan azamat esa pinagini buzmaydi: o‘z uyingda devorlar ham suyaydi!

Gugurt qutilaridek qalashtirib qurilgan uylar shaharga ulug‘vorlik va salobat bag‘ishlaydi. Shahar uzoq va yaqin kechmishida o‘nlab qudratli zilzilalarni ko‘rgan. Yer silkinishlariga dosh bergan pishiq-puxta binolarni qurgan ustayu me’morlarning otasiga rahmat!

Aylana-aylana, dunyodagi eng katta yopiq bozor — Kapalicarsidan chiqib qolasiz. Istambulliklar azaldan tojir xalq emasmi, mulozimatni, xaridor ko‘nglini olishni qoyillatadi. Ingliz, farang, olmon lahjalarida, boringki, dunyoning barcha tilida muomala qiladi. Bozorda odam jonidan bo‘lak hamma narsa bor. Hammollarning qo‘li qo‘liga tegmaydi. Gazmolchilar, attorlar, baqqollar, vofurushlar… molini maqtaydi. Sarguzashttalab sayyohlar esa angraygancha «tekin tomosha»ga mahliyo.

XVI-asrda bino etilgan Misr bozori (Misir carsisi)da esa ming bir nomdagi ziravor va giyohlarni topasiz. Darvoqe, turklarning asaldek totli shirinligi — lukumni ham shu rastalardan xarid qilish mumkin.

Mahalliy aholi jonsarak, vaqtni qadrlaydi, hamisha qayergadir oshiqadi. Ayni paytda, ishdan keyin xumordan chiqib choyxo‘rlik, qahvaxo‘rlik qilishni kanda qilmaydi, sayru sayohatni tark etmaydi. Yashashni, HOLATdan zavqlanishni biladi.

Dunyo poytaxti

Istambul 1500-yillarda dunyodagi eng ko‘p nufusli shahar bo‘lgan. XIX-asrdagina aholi soni bo‘yicha birinchilikni London ilib ketgan. Hozir ham u sayyoramizning eng zich hududlaridan biri. Aholi taxminan 13 millionni tashkil etadi (Statistikaga qaraganda, har beshta turkiyalikning bittasi Istambulda yashaydi). Ular safini har yili 500 ming kishi to‘ldiradi. Bunga yana har yili keladigan 1,5 million chog‘li sayyohni qo‘shsangiz, shaharning demografik qiyofasi aniqroq namoyon bo‘ladi.

Istambul — Osiyo va Ovro‘pani bog‘lovchi ko‘prik. Ta’bir joiz bo‘lsa, bir shaharda ikki qit’a yashaydi. «Istambulning toshi, tuprog‘i oltin» deydi mahalliy aholi. Shaharga Turkiyaning turli mintaqalaridan odamlar rizq-nasib istab oqib keladi.

Istambul — ziddiyatlar shahri. Masjid mezanasidan yangragan azonning sohir ohangidan qalbingiz dahlizlariga nur yopirilib kiradi. Azon ortidan esa… zamonaviy hip hop ohanglari quloqqa chalinadi. Bag‘rida moziy sirlarini yashirgan ibodatgohdan bir hatlab… Armani, Gucci, Christian Dior singari nomdor do‘konlar qarshisidan chiqasiz. Bamisoli Tarix bilan Bugun o‘zaro omonsiz mujodala qiladi!

Istambul — amniyat shahri. Bu go‘shada azal-azaldan musulmonlar baytullohi, nasroniylar kalisosi, yahudiylar ibodatxonasi devordarmiyon qurilgan. Turli din vakillari asrlar davomida ahil-inoq yashagan. Hatto O’rta asrlarda Ovro‘pani inkvizitsiya gulxani qoplagan davrlarda turli e’tiqod vakillari Istambuldan panoh topgan.

2010-yilda Yevropa Kengashi qarori bilan Istambul Yevropa madaniyati poytaxti deb e’lon qilingani bejiz emas. Bu shaharni, istang, ko‘hna Bobil, istang, zamonaviy Nyu York deb atang. Yo‘q, yo‘q, bu Bobil ham, Nyu York ham emas, bu — Konstantinopol, Sargrad, Istambul! Mamlakat ichidagi mamlakat. Ikki qit’ada joylashgan yagona shahar. Madaniyatlar, mazhablar, maslaklar chorrahasi!

Ko‘hna shaharga 1850-yili sayohat qilgan fransuz adibi Gustav Flober do‘sti Lui Buyega maktubida Istambul payti kelib dunyo poytaxtiga aylanadi, deb yozadi ishonch bilan. Ne tongki, Flober haq bo‘lib chiqmoqda…

Foto


Istambulning Osiyo qismidan ko‘rinishi


Sulton Ahmad masjidi (Moviy jome), XVII-asr


Qadimgi Misr va Vizantiya davriga oid ustunlar


3500 yillik Misr ustuni va Sulton Ahmad jomesi minorasi


Hamisha gavjum Istiqlol ko‘chasi


Bosfor qirg‘og‘idagi so‘lim maskan


Sohilbo‘yi


O‘tmish va bugun uchrashgan ko‘chalar


Istiqlol kurashchilariga bag‘ishlangan monument. Taqsim maydoni


Istambul universiteti asosiy darvozasi


Mahalliy politsiyachilar


Kabutarlar — shahar fayzi


Konstantin ustuni


Kapali carsi — 3 ming rastalik bozor


Bosfor manzarasi


To‘pqopi saroy-muzeyi bo‘lmalaridan biri


Usmonlilar saltanati devonxonasi. To‘pqopi saroyi


Sulaymoniya masjidi. XVI-asr


Sulaymoniya masjidi xonaqosi


Sulaymoniya masjidi xonaqosi


Misir carsisi — ziravorlar bozori. XVI-XVII-asr


Turk shirinliklari


Xalq amaliy san’ati namunalari


Chag‘alaylar raqsi


Savdo rastalari


Sohilbo‘yi turarjoylar


Ko‘hna qal’a qoldiqlari


Shaharning Osiyo va Yevropa qismlarini bog‘lovchi Fotih Mahmud ko‘prigi


Bosfor sayohati


Dengizga yo‘l


Jamoat transporti


Ayyub al-Ansoriy jomesi. XV-asr


Duyoning yetti mo‘jizasidan biri Artemida ibodatxonasi maketi. Miniaturk muzeyi


«Boburnoma»ning turkcha nashri. Kitob do‘konlaridan biri


Yangi badiiy filmlar reklamasi


Qo‘sh izli dastyor


Turkcha double-decker


Vaqtli nashrlar do‘koni


Suratga tushishni «biladigan» mushukcha