Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) fotomuxbiri, taniqli fotojurnalist Rustam Shagayevning «Kasbim — fotoreportyor» deb nomlangan ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Ko‘rgazmaning ochilishida musavvirlar, haykaltaroshlar, fotoijodkorlar, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik korpus vakillari, san’at ixlosmandlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov, O‘zbekiston xalq artisti Munojot Yo‘lchiyeva, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktorining o‘rinbosari Ahmad Toshxo‘jayev va boshqalar Prezident Islom Karimov rahnamoligida mamlakatda san’atning barcha yo‘nalishi kabi fotografiya san’atini ham izchil ravnaq toptirish borasida ko‘rsatilayotgan e’tibor yoshlarning badiiy-estetik didini tarbiyalash, ma’naviyatini yuksaltirishdek ezgu maqsadlarga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Bu fotoijodkor Rustam Shagayev asarlarida ham o‘z ifodasini topmoqda. Ko‘p yillardan buyon O‘zbekiston Milliy axborot agentligida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Rustam Shagayevning mamlakatimiz va xalqimiz hayotiga oid o‘nlab fotoocherk, reportaj, lavhalari o‘quvchilarga manzur bo‘lmoqda.

Uning ijodiy ishlari O‘zbekiston Badiiy akademiyasining «Top-Art 2010» ijodiy loyihasi, 2012-yilda o‘tkazilgan «Biz — bunyodkor xalqmiz» respublika ko‘rik-tanlovida sovrinli o‘rinlarga loyiq topilgan. Fotoijodkorning «Bolalar — kelajagimiz», «Sharq gavhari», «O‘zbekiston: an’ana va zamonaviylik», «Mahalla» kabi mavzulardagi ijodiy ishlari Belgiya, Fransiya, Rossiya kabi mamlakatlarning san’at ixlosmandlarida ham katta taassurot qoldirgan.

Ko‘rgazmada Rustam Shagayevning Vatanimizning mustaqil taraqqiyot yillari, jamiyat hayotining turli jabhalari, tinch, osuda va farovon hayotimiz, san’at, madaniyat darg‘alari siymosi aks ettirilgan o‘nlab fotosuratlari tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan.