11-mart kuni Jizzax shahridagi 1-son bolalar musiqa va san’at maktabida xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilar uchun Jizzax shahar hokimligi tomonidan qabul marosimi bo‘ldi.

Jizzax shahar hokimligi, xotin-qizlar qo‘mitasi, shahar mudofaa ishlari bo‘limi, «Kamolot» harakati va «Mahalla» fondi hamkorligida tashkil etilgan tadbirga Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilar va ularning ota-onalari taklif etildilar.

Tadbirda so‘z olgan Jizzax shahar hokimi Asror Qobilov yoshlarning muqaddas burchlarini bekamo‘-ko‘st ado etganliklari, Vatan, elu-yurt oldida yuzlari yorug‘ bo‘lib, ota-onalari bag‘riga qaytib, aka-ukalari, opa-singillari bilan diydor ko‘rishib turganliklari bilan samimiy tabrikladi. Mamlakatning har bir o‘g‘loni uchun milliy armiya safida xizmat qilish nafaqat konstitutsiyaviy burch, balki sharaf va mas’uliyatga aylangani e’tirof etildi.

Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Qahramoni, Oliy Majlis Senati a’zosi Parda Ziyotov va boshqalar harbiy xizmatchilarga imtiyozlar berish haqida qator qarorlar qabul qilingani, bu esa yoshlar o‘rtasida harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishni, Qurolli Kuchlar nufuzini yanada oshishini ta’minlaganini ta’kidladilar.

Tadbir davomida askarlarning tilak va istaklari, ularning kelajakdagi orzu-niyatlari, rejalari eshitilib, amaliy yordam berish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Shundan so‘ng 150 nafar harbiy xizmatchilar va ularning ota-onalariga hokimlik tomonidan tayyorlangan esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar tantanali tarzda topshirildi.

Tadbir yakunida mahalliy san’atkorlar va bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan vatanparvarlik, ona-yurt, sevgi, shukronalik va do‘stlikni madh etuvchi qo‘shiqlardan tuzilgan konsert dasturi namoyish etildi.