8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, xalqaro grossmeyster Nafisa Mo‘minovaga Prezident sovg‘asi topshirildi.

Nafisa Mo‘minova 4 yoshligidan sportga mehr qo‘yib, shaxmat o‘ynashni qunt bilan o‘rgandi. 2002-yilda 12 yoshgacha qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. 2007-yilda mintaqaviy saralash musobaqasida birinchi o‘rinni egallab, jahon chempionatiga yo‘llanma oldi. Dunyoning eng kuchli 64 shaxmatchisi dona suradigan ushbu turnirda qatnashish uchun Markaziy Osiyo mintaqasiga ajratilgan yagona yo‘llanmani qo‘lga kiritdi va o‘zbek xotin-qizlaridan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etgan birinchi sportchi bo‘ldi.

Olti yildan buyon O‘zbekiston terma jamoasi safida xalqaro musobaqalarda ishtirok etib kelayotgan Nafisa 2008-yilda 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida Osiyo chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Ko‘plab xalqaro turnirlarda xotin-qizlar o‘rtasida birinchi o‘rinni egalladi. 2010-yilda 20 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi jahon chempionatida kuchli to‘rtlikdan joy oldi. Xitoyning Guanchjou shahrida o‘tgan yozgi Osiyo o‘yinlarining jamoaviy bahslarida mamlakat terma jamoasidagi dugonalari — Olga Sobirova, Yulduz Hamroqulova va Nodira Nodirjonova bilan birga kumush medalni qo‘lga kiritdi. 2011-yili birinchi Markaziy Osiyo kubogi va 2012-yil Toshkentda o‘tkazilgan «Toshkent Open» xalqaro shaxmat turnirida xotin-qizlar o‘rtasida g‘olib bo‘ldi.

Xalqaro shaxmat federatsiyasi yaqinda Nafisa Mo‘minovaga xalqaro grossmeyster unvoni berilganini e’lon qildi. O‘zbek qizlari o‘rtasida birinchi bo‘lib xalqaro grossmeyster unvonini qo‘lga kiritgan Nafisa Mo‘minova Prezident Islom Karimov sovg‘asi — zamonaviy kompyuter bilan taqdirlandi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasida bo‘lib o‘tgan tadbirda davlat rahbari sovg‘asini Nafisa Mo‘minovaga Prezidentning Davlat maslahatchisi o‘rinbosari J. Qosimov topshirdi.

«Prezidentimiz sovg‘asini olish har bir sportchi uchun ulkan sharaf va bunday baxt menga ham nasib etganidan juda xursandman, — dedi Nafisa Mo‘minova. — Yurtboshimiz Rustam Qosimjonovga ham zamonaviy kompyuter sovg‘a qilgan edilar. Buning samarasida Rustam Qosimjonov jahon shaxmat tojini qo‘lga kiritdi. Jahon chempioni bo‘lish — mening ham oliy maqsadim. Davlatimiz rahbarining yoshlar kamolotiga qaratayotgan yuksak e’tibori bizning kuchimizga kuch, g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shadi».