“Peng Sheng” qo‘shma korxonasi hamda Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi Sirdaryo viloyatidagi maktablarga 50 dona kompyuter sovg‘a qildi.

Kompyuterlar taqdimoti 25-dekabr kuni Sirdaryo viloyatining shu nomli tumanida “Peng Sheng” O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasida bo‘lib o‘tdi.

Marosimda Sirdaryo viloyati hamda tumani hokimligi vakillari, qo‘shma korxona rahbariyati hamda Xitoy elchixonasi diplomatlari ishtirok etdi.

“Peng Sheng” qo‘shma korxonasi 2009-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. O‘tgan uch yil davomida ishlab chiqarishni xalqaro standartlarga mos darajada rivojlantirishga intilmoqdamiz. Shu bilan birga, xayriya tadbirlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Sirdaryo maktablariga taqdim etilayotgan kompyuterlar xayriya ishlarimizning mantiqiy davomidir. Bu borada ko‘nglimizga tukkan yana bir talay ezgu rejalarimiz bor”, — dedi “Peng Sheng” bosh direktori Di Kyuxai.

Taqdimotda so‘z olgan Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Chjan Syao ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik tobora rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

“Xitoy va O‘zbekistonni azaldan do‘stona munosabatlar bog‘lab keladi. Bugungi davrda esa hamkorligimiz yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. “Peng Sheng” qo‘shma korxonasining muvaffaqiyatli faoliyati ham Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlikning amaliy tasdig‘i deyish mumkin. Ta’lim uchun sarflangan mablag‘ kelgusida juda katta natija keltiruvchi sarmoya sanaladi. O‘ylaymanki, Sirdaryo yoshlari tuhfa etilgan axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalanib, o‘z bilimlarini oshiradilar va O‘zbekiston taraqqiyotiga xizmat qiladilar”, — dedi Xitoy elchisi Chjan Syao.

Taqdimot marosimi doirasida jurnalistlar qo‘shma korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

“Peng Sheng” O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi 2009-yil 28-martda Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida tashkil etilgan. Ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun 28,5 million AQSH dollari miqdorida sarmoya yotqizilgan. Ayni paytda korxonada 600 ga yaqin ishchi-xodim faoliyat yuritmoqda.

Qo‘shma korxona poyabzal va qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda teri oshlash kabi uch yo‘nalishda ishlab kelmoqda.

Korxonada keramik plitalar ishlab chiqarish 2010-yil noyabrda boshlangan. Hozirda kuniga 15 ming, yiliga esa 4 million kvadrat metr kafel ishlab chiqarilmoqda. Bu Markaziy Osiyodagi eng yirik ko‘rsatkichdir. Korxona vakillariga ko‘ra, hozirda yuqori sifat sertifikatiga ega keramik plitalar Qozog‘iston, Qirg‘izistonga sotilmoqda, yaqin muddatda Turkmaniston va Rossiyaga ham mahsulot eksporti yo‘lga qo‘yiladi.

Joriy yilning 11 oyi yakunlariga muvofiq, korxonada 366 ming dona (24 milliard so‘mlik) teri oshlandi, 261 ming dona (3,8 milliard so‘mlik) oyoq kiyim ishlab chiqarildi.

“Ilg‘or uskunalardan foydalanilayotgani, jamoamizda yosh, mehnatsevar va iqtidorli ishchilar jam bo‘lgani samaradorlikni oshirmoqda. O‘zbekiston hukumati tomonidan taqdim etilgan soliq va bojxonaga oid imtiyozlar ham bizga qanot bo‘lmoqda. Biz hamisha halol hamkorlik va uzluksiz yangiliklar tarafdorimiz”, — deya ta’kidladi qo‘shma korxona bosh direktori Di Kyuxai.

“Peng Sheng” rahbariyatining ma’lum qilishicha, kelgusi yildan korxonada elektr jihozlar, uyali aloqa vositalari va vanna aksessuarlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu uch loyiha yana 500 ta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Xitoyning boshqa yirik ishlab chiqarish giganti — “ZTE” korporatsiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihaga binoan, yaqin muddatda qo‘shma korxona texkoparkida uyali telefonlar ishlab chiqarish boshlanadi. Mahsulot ishlab chiqarishni dastlab 100 ming, keyinroq esa 500 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.

Foto


Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Chjan Syao Sirdaryo viloyati hokimligi vakillari va “Peng Sheng” rahbariyati bilan.


Keramik plita ishlab chiqarish sexi.


Keramik plita ishlab chiqarish sexi.


Teri oshlash sexi.


“Peng Sheng” qo‘shma korxonasining “QRRQ” brendli poyabzallari.