Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston hamkorligini yanada rivojlantirishda hali foydalanilmagan imkoniyatlar mavjud. Bu haqda Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi, doktor Abdulrahmon bin Abdulla al-Shaya 11-dekabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan anjumanda so‘zladi.

Ar-Riyod va Toshkent diplomatik aloqalari o‘rnatilganining 20 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Saudiya elchisi hamkorlikka doir mulohazalari bilan bo‘lishdi.

“Hamkorlikning har bir yo‘nalishi muhim va dolzarb ahamiyatga ega, deb hisoblayman. Ayni paytda, aloqalarni yanada takomillashtirish borasida hali ro‘yobga chiqmagan imkoniyatlar ham mavjud… Saudiya Arabistoni turli mamlakatlar iqtisodiyotiga muntazam ravishda katta hajmda sarmoya kiritib kelmoqda. Ayni shu jabha mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng ufqlarga ega hamkorlikni yanada mustahkamlash omili bo‘lishi mumkin”, — dedi doktor Abdulrahmon al-Shaya.

Ar-Riyod va Toshkent savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirishga qiziqish bildirib kelmoqda. Bu borada ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari hamkorligi rag‘batlantirilishi va rivojlantirishi maqsadga muvofiq.

“Ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari va sanoat tarmoqlari o‘rtasidagi robitani mustahkamlash lozim. O‘zbekistonda maktablar qurish va jihozlash uchun Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan Saudiya Taraqqiyot jamg‘armasi orqali 16 million AQSH dollari miqdorida kredit ajratilgani ham aloqalarimiz yangi bosqichga ko‘tarilayotganining amaliy tasdig‘idir”, — dedi Saudiya elchisi.

Ko‘ptomonlama aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishda hukumatlararo maslahatlashuvlar muhim o‘rin tutadi. Joriy yilning 16-iyulida Toshkentda Saudiya Arabistoni Podshohligi Tashqi ishlar davlat vaziri Nizar bin Omeyd Madaniy ishtirokida siyosiy maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Saudiya elchisining ta’kidlashicha, joriy yil aprelda Podshohlik Sho‘ro Kengashi Raisi Abdulla Al ash-Shayx boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish, qonun ijodkorligi bo‘yicha tajriba almashish imkonini yaratdi.

Shuningdek, diplomat xalqaro va mintaqaviy muammolarni hal etishda muntazam fikr almashuvlar yo‘lga qo‘yilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

“Saudiya Arabistoni Podshohligi va O‘zbekiston Respublikasi BMT va uning bo‘linmalari, Islom Hamkorlik Tashkiloti kabi mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida ham faol hamkorlik qilmoqda, islom dunyosidagi ziddiyatlarga jo‘yali yechim topish borasida yelkama-elka ishlamoqda”, — dedi elchi.

O‘zbekistonni “jahon fani va islom merosiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar yurti” deb atagan diplomat madaniy-gumanitar yo‘nalishda ham aloqalar jadal rivojlanishiga ishonch bildirdi.

Saudiya Arabiston elchisi qutlug‘ sana munosabati bilan O‘zbekiston rahbariyati va xalqiga sihat-salomatlik hamda farovonlik tiladi.

Tadbir doirasida ikki mamlakatning yigirma yillik hamkorligi tadrijiga bag‘ishlangan risola taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston diplomatik munosabatlari 1992-yil 20-fevralda o‘rnatildi. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Saudiya Arabistoniga 1992-yilgi rasmiy tashrifi munosabatlarni rivojlantirishga asos bo‘ldi. Saudiya Tashqi ishlar vaziri Saud al-Faysalning O‘zbekistonga tashrifi esa hamkorlik tarixida yangi sahifa ochdi.

Ikki tomonlama munosabatlarni qator hujjatlar tartibga soladi. O‘zbekiston va Saudiya hukumatlari o‘rtasida “Savdo, iqtisod, investitsiyalar, fan, texnika, madaniyat, sport va yoshlar ishlari sohalarida hamkorlik qilish to‘g‘risida” (1995), “Ikki yoqlama soliq solinishning oldini olish hamda daromad va sarmoya soliqlarini to‘lashdan bosh tortishni bartaraf qilish to‘g‘risida” (2008), “Havo qatnovi to‘g‘risida” (2009), “Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantrirish va himoya qilish to‘g‘risida” (2011) singari qator konvensiya va bitimlar imzolangan.