“Amerikacha orzu” degan tushuncha mavjudligi haqida ko‘pchilik xabardor. Ayniqsa, AQSHda yashayotgan o‘zbekistonliklar uchun ushbu tushuncha begona emas. Ulardan ayrimlari uning mazmun va mohiyatini chuqur anglamagan taqdirda ham amerikacha orzuning asosini tashkil etuvchi insonga xos munosib turmush tarzi uchun intilayotganligi sir emas.

“Amerikacha orzu: u haqiqatmi yoki sarob” sarlavhali maqolamning oxirida “nima, boshqa xalqlarda orzu yo‘qmi, jumladan, o‘zbekona orzu bormi?” degan savolni o‘rtaga tashlagan edim. Xo‘sh, ko‘p asrlik tarixga ega “amerikacha orzu” darajasidagi “o‘zbekona orzu” tushunchasi mavjudmi? Bo‘lsa, u nima? Bo‘lmagan taqdirda, yangi tushuncha shaklida uni qanday ifodalash mumkin? O‘zbekistonda yashayotganlar bilan xorijda istiqomat qilayotgan o‘zbeklarning orzusi o‘zaro farq qiladimi?

O‘zbekona orzu nimalarda va qanday shaklda namoyon bo'ladi?

Albatta, har bir shaxsning, u qaysi millat vakili bo‘lmasin, dunyoning qaysi burchagida yashamasin, o‘z orzu-umidlari bo‘ladi. Bolaligidan shirin orzular og‘ushida yashamagan shaxs bo‘lmasa kerak! Yoshi ulg‘aygan sari odamning orzulari mazmunan o‘zgarib boraveradi. Erkakning orzusi ayolnikidan farq qiladi. Turmushga chiqmagan bo‘yi yetgan qiz bilan bir-ikki farzandli bo‘lgan uning tengdoshi orzularida ham farq mavjud. Bilim darajasi turlicha bo‘lgan, masalan, oliy o‘quv yurtini bitirgan mutaxassis bilan ish topolmay yurgan o‘rta ma'lumotli kishilarning orzusi ham bir-biridan farq qilishi tabiiy.

O‘zbekona orzu bormi, degan savol bilan bir qator do‘stlarimga murojaat etgan edim. Taniqli yozuvchi va jurnalist Abduqayum Yo‘ldoshev bu savolga shunday javob qaytargan: “O‘zbekona orzu bor, nega bo‘lmas ekan! Axir, inson hayotni ko‘rgani sayin orzularini isloh etib boraveradi. Aytaylik, bugun yurtimizdagi millatdoshimiz tinch yashashni, el qatori to‘y-marakalarni o‘tkazib olishni, bolalardan tinchib, xotirjam hayot kechirishni orzu qilar. Boyib ketish uchun esa dard bor-u, darmon yo‘q. Ya'ni imkoniyatlar tengligi yetishmaydi: behuda osmonga sakrashning nima hojati bor”.

O‘zbekchilik, boriga shukr qilib, qanoat bilan yashash turmush tarzimizning ajralmas qismini tashkil etadi. Yozuvchi, filologiya fanlari doktori, professor Xurshid Do‘stmuhammadning uqtirishicha “biz ko‘proq ko‘rpaga qarab oyoq uzatish ruhida tarbiya qilingan avlod vakillarimiz. Ya'ni, orzuniyam o‘lchab, haddan oshmay, shukr qilib, picha-picha deganlaridek… Bunday falsafa bir jihatdan to‘g‘ri. Chunki orzu bilan imkoniyat o‘rtasidagi muvozanatni o‘ylash xato emas. Hech qanday imkoniyat bo‘lmasa-da, boshingizni devorga uraversangiz nima chiqadi? Boshni yorasiz-qo‘yasiz!”.

Xurshid Do‘stmuhammad keltirgan quyidagi xarakterli misolga diqqatingizni jalb qilmoqchi edim. Sirkda tomosha ko‘rib o‘tiribmiz. Havo akrobatlari (erkak va ayollar) baland shiftda arqonlarga osilib-irg‘ib tryuklar ko‘rsatyapti. Ularning harakatlaridan yurak orqaga tortib ketadi deng. Ham qoyil qolib, ham yuragimizni hovuchlab o‘tiribmiz. Bir mahal yonimizda o‘tirgan yoshi kattaroq ayol chiday olmadi. “E, topgan hunaring qursin, ko‘chada sigaret sotsang ham topasan-ku, shu pulni!” — deb baralla hayqirib yubordi. Ana sizga o‘zbekona orzu!

Yuqoridagi iqtiboslarga e'tibor qilgan bo‘lsangiz, har ikkala ijodkor ham orzu va uni amalga oshirish imkoniyatlari muvozanati haqida so‘z yuritgan. Boshqacha qilib aytganda, orzuning realligi yoxud xomxayolligi, ya'ni xayoliy havas darajasida qolib ketishi uni hayotga tadbiq etish imkoniyatining mavjudligi yoki yo‘qligi bilan chambarchas bog‘liq.

O‘zbekona orzu umummilliy tushuncha sifatida shakllanmaganligining sabablaridan biri ham aksariyat uchun tasavvurida paydo bo‘lgan to‘q va farovon umrguzaronlik qilayotgan insonga xos hayot tarziga erishish imkoniyati bo‘lmaganligidadir.

Albatta, bizda har bir shaxsning o‘z orzusi bor. Ammo aksariyat tomonidan qabul qilingan hamda ma'lum maqsad sari intilishga asos bo‘luvchi “amerikacha orzu”ga o‘xshagan atama shakllangan deb bo‘lmaydi. Chunki bolaligida va o‘smirlik yillarida katta orzular bilan yashagan shaxs ulg‘ayib borgan sari ularni amalga oshirish mumkin emasligini anglab boradi. Uning orzusi vaqt o‘tgan sari maydalashib ketadi.

Sho‘ro zamonida bunga “ijtimoiy tenglik” tushunchasining noto‘g‘ri talqin etilishi sabab bo‘lgan edi. Keyingi yillarda esa turli qing‘ir-qiyshiq yo‘llar bilan pul topganlarning boyib ketayotganligi odamlarda to‘g‘ri ishlagan, halol mehnat qilgan shaxs boylik haqidagi o‘z orzusiga yetshi qiyin, degan xulosa shakllanishiga asos bo‘ldi.

“Afsuski, ayrimlar orzuni buzilgan shaklda talqin etadi. Bundaylar qanday bo‘lmasin boylik orttirish, qo‘sha-qo‘sha avtomashinalar sotib olish, dang‘illama uy solish, dabdabali to‘y qilishni orzu qilib, uni amalga oshirishda hech qanday ishdan, hatto qonunbuzarlikdan ham tap tortishmaydi”, — deydi nafaqadagi jurnalist, ko‘p yillar Samarqand viloyat teleradiokompaniyasiga raislik qilgan Mirsharif Xo‘jayev.

Orzuning ayrim yoshlar tomonidan noto‘g‘ri talqin etilishini ko‘rsatuvchi bir aniq misol keltirmoqchiman. Bu fakt matbuotda ko‘p marta qayd etilgan ham. Huquqshunoslik fakulteti talabalaridan orzuingiz nima, o‘qishni bitirib qayerga ishga bormoqchisizlar, deb so‘ralganda, ularning aksariyati prokuratura va sud tizimida ishlash xohishi borligini bildirgan. Advokat bo‘lish ishtiyoqini faqat sanoqli yoshlargina ma'lum qilgan.


«Kupola Samarkanda» restorani. Hozirda buzilib, «Chorsu» restoraniga qo‘shilgan.

Amerikacha orzuning o‘zbekona ko‘rinishi

Yurtimizda yashab turgan va xorijda ishlab yurgan millatdoshlarimizning orzulari o‘rtasida ma'lum tafovut mavjud. Shu bilan birga, chet elda ishlayotganlarni barcha sohada, jumladan, orzu-umid borasida ham bir xil deb bo‘lmaydi.

Bir necha vaqt AQSHda yurtdoshlarimiz orasida yashab, ularning tarkibi, iqtidori, salohiyati, bilimi, madaniyati, dunyoqarashi va boshqa jihatlari bir-biridan tubdan farq qilishiga amin bo‘ldim. Bu bejiz emas, albatta. Chunki ular orasida professoru dotsentlar, yozuvchiyu shoirlar, tibbiyot xodimlariyu o‘qituvchilar, jurnalistu san'atkorlar, sobiq prokuroru sudyalar, hokimu korxona rahbarlari bo‘lib ishlaganlar bilan bir qatorda o‘rta ma'lumotli turli kasb sohiblariyu aniq bir hunarni egallamaganlar, kechagina kolleju litseyni bitirgan hayot tajribasi bo‘lmagan yoshlar bor.

Ana shunday tarkibdagi jamoada orzu va unga erishish yo‘llari bir xil bo‘lishi mushkul. Ammo bu yerdagi muhojirlar, amerikacha orzu tushunchasidan xabari bormi yo yo‘qmi, bundan qat'iy nazar, boylikka, yaxshi yashashga intiladi. Kerakli bilim va tajribaga ega, madaniyati va ma'naviyati yuqori bo‘lgan insonlar o‘z oldiga aniq maqsadlar qo‘yib, ularni ro‘yobga chiqarishga qattiq kirishadi. Bu yo‘lda faqat qonunga tayanib ish ko‘radi. Ayniqsa, ingliz tilini yaxshi o‘zlashtirgan va o‘qishni davom ettirish uchun “sehrli diyor”ga kelgan yoshlar yuqori malakali mutaxassis bo‘lib, o‘zlari tanlagan sohada ishni davom ettirish uchun aniq maqsad sari intilmoqda.

Boshqa birovlar esa “maqsad vositani oqlaydi” tamoyiliga yopishib olgan va hech narsaga qaramasdan, qanday yo‘l bilan bo‘lmasin boylik orttirishga harakat qiladi. Bu yo‘lda boshqalarni, hatto yurtdoshlarini aldashdan, ulardan foydalanishdan hazar qilmaydi. Eng yomoni shuki, bundaylar qancha mehnatu mashaqqat bilan topgan mablag‘ini tezda sovuradi, uni ko‘paytirish haqida o‘ylamaydi yoki buning yo‘llarini bilmaydi. Har ikkala holat uchun xarakterli bo‘lgan ko‘plab misollar keltirish mumkin. Ammo bir maqola doirasida buni sig‘dirish mushkul. Shu sababli bu haqdagi ayrim mulohazalar bilangina cheklanib qolaman.

Birinchi o'zbek jurnali “Vatan”ga asos solgan Gulchehra Alimova, birinchi o‘zbek gazetasi “Vatandosh”ni ochgan Farhod Sultonov, birinchi o‘zbek televideniyesi va radiosini ta'sis etgan hamda “O‘zbegim” jurnalini tashkil qilgan Ilhomjon Kenjaboyevlar o‘zlarining yuksak orzularini amalgan oshirdi.

Alimova va Sultonov jurnalist bo‘lmasa ham, ezgu niyat bilan xayrli ishga qo‘l urdi. Ular bu bilan ingliz tilini bilmaydigan yurtdoshlarimizni kerakli axborot bilan ta'minnlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan edi. Jumladan, “Vatandosh” gazetasining dastlabki sonlarini tayyorlashda bosh muharrir o‘rinbosari sifatida ishtirok etganim sababli bu sohada birinchi bo‘lishning mashaqqatlaridan xabardorman.

Sultonov bilan suhbatlarimiz o‘zaro bahsu munozaraga aylanib ketardi. U gazetaga asos solarkan, moddiy manfaatdorlikdan umidvor emasligini, orzusi beg‘ubor ekanligini ko‘p marta uqtirib o‘tgan edi. Uning gazetani chop etish yo‘lida o‘z mablag‘idan ancha qismini sarflaganligini bilaman.

Boshqa soha vakillari AQSHda matbuot organlariga asos solgan bo‘lsa, yurtimizda jurnalist bo‘lib ishlaganlar tadbirkorlikda ma'lum yutuqlarga erishganliklarini ta'kidlash o‘rinlidir. Samarqandda gazetalarga bosh muharrir bo‘lib ishlagan ikki kasbdoshim (ular o‘z nomlarini oshkor etmasligimni so‘ragan edi) Pensilvaniya shtatida yashaydi. Ulardan birining yoshi ellikdan oshgan. U ulgurji savdo bilan shug‘ullanuvchi omborda ish yurituvchi (menejer) vazifasida ishlaydi. So‘zlariga qaraganda, ishi yaxshi, ish beruvchi undan minnatdor.

Uning AQSHda qolib ketish niyati bo‘lmasa-da, amerikaliklarga xos ikki qavatli uyni sotib olgan. “Bu yurtda vaqtincha yashayotgan bo‘lsam ham, oilam uchun insonga xos sharoit yaratish hamda daromadimga mos hayot kechirish maqsadida ana shu uyni oldim”, — degan edi tanishim 2011-yil Navro‘zini birgalikda nishonlash uchun xonadoniga taklif etganida. Uning turmush o‘rtog‘i (u universitetda o‘qiganida unga dars bergan edim) o‘z uyi bo‘lishi erining orzusi bo‘lganligini, u shu orqali farzandlariga aniq maqsad sari intilish qanday natija berishini amalda ko‘rsatmoqchi ekanligini ta'kidladi.


Navro‘zga halim tayyorlanmoqda. Pensilvaniya.

Ikkinchi kasbdoshim esa qirq yoshlar atrofida. U bu yurtda ikki yilcha ishlab mablag‘ to‘plagach, pitsa tayyorlaydigan oshxona ochdi. Birozdan so‘ng yana bitta pitsaxonaga asos soldi. O‘tgan yili esa u o‘z restoranini ochishga muvaffaq bo‘ldi.

Amerikadagi o‘zbekistonliklar ushbu mamlakatda o‘z savdo do‘konlarini, restoranlarini, qurilish va ta'mirlash firmalarini, avtokorxonalarini ochganliklari xususida ham ko‘plab misollar keltirish mumkin. Shuningdek, bu yerda o‘qishni bitrib, bank tizimida, sug‘urta kompaniyalarida, xalqaro va milliy tashkilotlarda, oliy o‘quv yurtlarda hamda turli boshqa sohalarda faoliyat yurgizayotgan yoshlarimiz oz emas.

Shu bilan birga, yurtdoshlarimiz orasida o‘z kuchi va vaqtini behuda o‘tkazayotgan, to‘g‘ri kelgan ishni bajarib, topayotgan pulini sovurayotganlar ham bor. Masalan, Nyu-Yorkda Toshkentda tish doktori bo‘lib ishlagan bir yigitni uchratgan edim. U yengil yo‘l bilan katta pul topish ilinjida taklifnoma asosida AQSHga borib, nolegal qolib ketgan ekan. Bu yo‘lda ancha mablag‘idan ajralgan yigit til bilmasdan o‘z mutaxassiligi bo‘yicha ishlay olmasdan, turli yumushlarni bajarib, kun ko‘rardi. U ko‘p o‘tmay orzusi sarobga aylanganligiga amin bo‘ldi.

“Biznikilarga hayronman, topgan pulini bir zumda tugatib, nima qilishini bilmasdan yuradi, — deydi AQSH banklaridan birining bo‘limini boshqarayotgan Durbek. — Topganiga mashina sotib oladi, to‘y qiladi, uy quradi va shu bilan tamom vassalom. Amerikaliklar esa topgan puli bilan ma'lum bir ishni boshlaydi. Undan qo‘lga kiritgan foydasini sarf qiladi”. Ha, suhbatdoshim haq. Bundaylar o‘z orzu va umidlarini aniq tasavvur qilolmaydi.

Yurtdoshlarimiz topganlarini nafaqat O‘zbekistonga kelib sovurishmoqda, balki Amerikada ham bu yerga xos bo‘lmagan xarajatlarga yo‘l qo‘ymoqda. Nyu-Yorkda bir to‘yda ishtirok etgan edim. Italiyaliklar restoranida o‘tgan bu sunnat to‘yida 350 kishi qatnashgan edi. Aytishlaricha, unga to‘y sohiblari 50 ming dollarga yaqin mablag‘ sarflagan. Albatta, nafaqat mahalliy aholining bunday “saxovatni” tushunish qiyin, balki o‘z mehnati qadriga yetadigan o‘zbeklarimiz ham bunday sarf-xarajatlar o‘rinsiz ekanligini afsus bilan ta'kidlashgan edi.

Nahotki shu amerikacha orzu bo‘lsa? Yoki bu amerikacha orzuning o‘zbekona ko‘rinishimi? Yo‘q, bunday deyishga til bormaydi. Bir necha yil bu yurtda yashab, bu yerdagi qoidalar asosida faoliyat yurgizib, pul topib, lekin eski qoliplardan chiqolmaslik, eskicha fikr yuritish, siyqasi chiqqan odatlarni tark etolmaslikni qanday baholash, atash mumkin? Buni na amerikacha va na o‘zbekona orzu deb aytish mumkin.

AQSHda yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanayotganlar, aniq maqsadlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida astoydil intilayotganlar hamda topgan mablag‘ini behudaga sovurmasdan uni ko‘paytirish ilinjida halol mehnat qilayotganlar orzusini amerikacha yoxud uning o‘zbekona ko‘rinishi desak, to‘g‘ri bo‘lar balki!