Mamlakatimizga tashrif buyurgan BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori, BMT Bosh kotibining o‘rinbosari Babatunde Osotimein O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Anvar Alimov bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, aholi reproduktiv salomatligini mustahkamlash, oila va jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar yuksak samaralar berayotgani alohida ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining 2009-yil 1-iyulda qabul qilingan “2009 — 2013-yillarda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog‘lom bola tug‘ilishi, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘layotgani qayd etildi.

Jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk, yuksak salohiyatli avlodni voyaga yetkazish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bu jarayonda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish, oilalarni ijtimoiy himoyalash, aholining tibbiy madaniyatini oshirish, aholi farovonligini yanada yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida aholining, jumladan, bolalarning salomatligini mustahkamlash bo‘yicha salmoqli natijalarga erishilmoqda. Bugun mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida onalik va bolalikni muhofazalashga oid jahon tibbiyotining barcha ilg‘or uslublari, texnika va texnologiyalar yutuqlaridan amalda samarali foydalanilmoqda. O‘zbekistonda ona va bola xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiluvchi xalqaro andozalarga asoslangan keng miqyosli islohotlar hayotga izchil tatbiq etilmoqda.

BMT Aholishunoslik jamg‘armasi 1993-yildan buyon mamlakatimizda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, yuqumli kasalliklar profilaktikasiga ko‘maklashish kabi qator xayrli ishlarga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Uchrashuvda BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA) ijrochi direktori, BMT Bosh kotibining o‘rinbosari Babatunde Osotimein O‘zbekistonda onalik va bolalikni muhofaza qilish borasidagi ishlarga yuksak baho berdi.

“Tashkilotimiz bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganidan mamnunmiz, — dedi Babatunde Osotimein. — O‘zbekistonda aholishunoslik dasturlarini keng miqyosda amalga oshirishga, jumladan, aholi salomatligini mustahkamlash, farovonligini oshirishga katta e’tibor qaratilayotir. Shuni alohida qayd etish joizki, bugungi kunda O‘zbekistonda 99 foiz tug‘ruq shifoxonalarda amalga oshirilmoqda. Bu juda yaxshi ko‘rsatkich bo‘lib, O‘zbekistonning tibbiyot sohasida erishgan katta yutuqlaridan biridir. Prezident Islom Karimov ona va bola salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha aniq va qat’iy pozitsiyaga ega ekani bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekistonning “Sog‘lom ona — sog‘lom bola” dasturi yuksak e’tirofga, o‘rganishga loyiq”.

Muzokarada O‘zbekistonda aholi reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, bu borada xalqaro hamkorlikni, xususan, YUNFPA bilan o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Shu kuni Babatunde Osotimein Respublika perinatal markazi faoliyati bilan tanishib, u yerda homilani sog‘lom holda dunyoga keltirishning ilmiy-amaliy asoslarini yaratish, eng zamonaviy tibbiy texnologiyalardan, keng foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berdi.