7-oktabr kuni Haj safari uchun bir guruh yurtdoshlarimiz Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining Toshkent-Madina yo‘nalishi bo‘yicha poytaxtimizdagi xalqaro aeroportdan yo‘lga chiqqan havo laynerida dastlabki ziyoratchilar Madinai munavvaraga eson-omon yetib oldilar.

Toshkent shahridan Muborak safarga otlangan ziyoratchilarga vrachlar, hojilarga xizmatda bo‘ladigan ishchi guruh vakillari hamda oshpazlar hamrohlik qildilar.

Ziyoratchilarga safar oldidan davlat ramzlari tushirilgan maxsus kiyim (kamzul) va sumkalar, «Hajnoma» kitobchasi va haj arkonlarini yoritib beruvchi videodastur taqdim etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ma'lumotiga ko‘ra, ziyoratchilarimiz Madinadagi “Al-Masjidun nabaviy”dan 20-30 metr uzoqlikdagi “Abroj at-Toyyiba” mehmonxonasida turadi. Makkai mukarramada esa “Abroj al-Muhammadiya” mehmonxonasida istiqomat qiladi.

Mehmonxonalarda minishifoxona tashkil etilib, tibbiyot xodimlarining uzluksiz navbatchiligi tashkil etiladi. O‘zbekistonlik hojilarning yanada sharoitini yaxshilash maqsadida bu yildan mehmonxonada 2000 kishiga bir vaqtning o‘zida ovqatlanish imkoniyatiga ega bo‘lgan maxsus oshxona barpo etilib, hojilarga uzluksiz 24 soat davomida issiq choy, zamzam suvi va ho‘l mevalar bilan ta’minlash xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Ziyoratchilarni “Harami sharif”ga olib borish uchun avtobuslar harakati, uzluksiz yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, ziyoratchilar uchun Saudiyadagi mehmonxonalarda sun’iy yo‘ldosh orqali O‘zbekiston televideniyesi dasturlarini tomosha qilish, Vatanimizda bo‘layotgan voqealardan xabardor bo‘lish imkoniyatlari yaratilgan.

Hojilarimiz ziyoratni Madinai munavvardan boshlab, uch kecha va to‘rt kun u yerda turib, so‘ng asosiy Haj amallarini bajarish maqsadida Makkai Mukarramaga yo‘l oladi.

Bo‘lg‘usi hojilarimizga qulaylik yaratish maqsadida Buxoro-Madina, Namangan-Madina, Samarqand-Madina, Termiz-Madina, Urganch-Madina, Qarshi-Madina yo‘nalishlarida ham xalqaro reyslar tashkil etildi.

Bu yil O‘zbekistondan 5000 kishi haj ziyoratiga boradi. Shunigdek, jotiy yilda 6000 dan ziyod fuqarolarimiz Umra ziyoratini bajarishga muvaffaq bo‘ldilar.