7-sentshdabr kuni “Paxtakor” markaziy stadionida O‘zbekiston va Kuvayt terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Deyarli butun o‘yin davomida O‘zbekiston terma jamoasining tashabbusi ostida o‘tgan bahs 3:0 hisobida Mirjalol Qosimov shogirdlari foydasiga hal bo‘ldi, xabar berdi O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati.

Kuvayt terma jamoasi O‘zbekistonga qarshi asosan yangi, yosh futbolchilarni maydonga tushirdi, uning tarkibida bir qator tajribali futbolchilar yo‘q edi. O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov ham muhim o‘yin oldidan tashkil etilgan o‘rtoqlik uchrashuvida bir qator yangi futbolchilarni sinab ko‘rdi.

Kuvaytga qarshi bahsda darvozani Ignatiy Nesterov qo‘riqlagan bo‘lsa, “Bunyodkor” himoyachisi Artyom Filiposyan hamda Xitoyning “Changchun Yatai” klubi vakili Anzur Ismoilov himoya markazidan joy oldi. Qanot himoyachisi rollarida — o‘ng qanotda “Bunyodkor” vakili Akmal Shorahmedov, chap qanotda “Nasaf” yarim himoyachisi Shohruh Gadoyev harakat qildi.

Fozil Musayev va Temur Kapadze yarim himoya markazida harakat qilgan bo‘lsa, hujumchi ortida terma jamoa sardori Server Jeparov o‘ynadi. Yagona hujumchi Aleksandr Geynrixni qanotlardan Rossiya klublari vakillari — Vagiz Galiulin va Sanjar Tursunov qo‘llab-quvvatlab turdi.

Kuvayt terma jamoasiga qarshi o‘yinda O‘zbekiston milliy terma jamoasining o‘ng qanoti ayniqsa faol harakat qildi. Mehmonlar darvozasidan o‘rin olgan gollarning barchasi aynan o‘ng qanotdan tashkil etilgan hujumlar samarasi bo‘ldi.

Dastlabki gol 19-daqiqada urildi. Maydon markazida xatolikka yo‘l qo‘ygan kuvaytlik futbolchilar to‘pni oldirib qo‘ydi, to‘pni egallab turgan Aleksandr Geynrix esa o‘ng qanotdan ochilgan Akmal Shorahmedovni to‘p bilan ta'minladi. Shorahmedovning to‘p uzatishidan so‘ng Sanjar Tursunov bosh bilan gol urdi. Bu vaziyatda kuvaytlik himoyachilar va darvozabon to‘p yo‘liga g‘ov bo‘lolmay, uni faqatgina nigohlari bilan kuzatib turdi, xolos.

Birinchi bo‘lim yakunlanishi arafasida Qozog‘istonning “Aktobe” klubi hujumchisi Aleksandr Geynrix o‘yinning haqiqiy bezagiga aylangan gol muallifiga aylandi. Sanjar Tursunovning o‘ng qanotdagi faolligi bilan egallab olingan to‘p Jeparov orqali yana Shorahmedovga borib tushdi. Shorahmedovning havolatmasidan so‘ng jarima maydonchasi markazida ochiq qoldirilgan Geynrix “qaychi” uslubida zarba berib, hisobni 2:0 ga yetkazdi.

O‘zbekistonlik futbolchilar ikkinchi bo‘limni gol bidan boshladi. Server Jeparovning o‘ng qanotdan uzatgan to‘pidan so‘ng, raqib himoyachisidan ildamroq harakat qilgan Geynrix darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib ketdi va unga hech qanday imkoniyat qoldirmadi — 3:0. Taymning qolgan daqiqalari davomida Kapadze, Galiulin, Baqoyev, Jeparov, Shishelov, “bunyodkorchi” Jasur Hasanovlarda qator imkoniyatlar bo‘ldi. Biroq vaziyatlardan foydalanishda biroz sovuqqonlik yetishmadi.

Kuvayt terma jamoasi ikkinchi bo‘limning ikkinchi qismida nisbatan faollashdi, hatto 62-daqiqada Muhammad al-Rahsidiy Nesterov darvozasini ishg‘ol etishiga ham bir bahya qolgandi, biroq so‘nggi lahzada Artyom Filiposyan O‘zbekiston terma jamoasini muqarrar goldan saqlab qoldi.

11-sentabr kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCH-2014 saralash 4-bosqich “A” guruhi 4-tur o‘yinlari doirasida Janubiy Koreya terma jamoasini qabul qiladi.