Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) terma jamoalarning sentyabr oyi uchun reytingini e'lon qildi, xabar berdi O‘zbekiston futbol fedetarsiyasi matbuot xizmati.

Avgust reytingida ikki pog‘ona yuqorilab, 63-o‘ringa ko‘tarilgan O‘zbekiston terma jamoasi yangi reytingda yetti o‘ringa pastda va ayni vaqtda 70-pog‘onadan joy olgan.

Yangi reytingga olti qit'ada bo‘lib o‘tgan jami 54 o‘yin natijalari ham ta'sir ko‘rsatgan. Ma'lumot o‘rnida, avgust oyida Mirjalol Qosimov qo‘l ostidagi O‘zbekiston terma jamoasi Iordaniya terma jamoasiga qarshi ikkita o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi umumiy reytingda pastlaganiga qaramay, Osiyo terma jamoalari orasida hali ham kuchli beshlikda bormoqda. O‘tgan oydagi kabi bu safar ham Osiyoda oltinchi bo‘lib turgan Xitoy terma jamoasi bir oy ichida 9 o‘ringa pastlab, ayni vaqtda 78-pog‘onani Iroq bilan bo‘lishib turibdi.

Osiyo qit'asidagi kuchli to‘rtlikda o‘zgarish bo‘lmagan: Yaponiya (23), Avstraliya (25), Janubiy Koreya (27), Eron (54). Qayd etish joiz, ro‘yxatdagi so‘nggi ikki terma O‘zbekistonning JCH-2014 saralash 4-bosqichidagi raqiblari hisoblanadi.

Saralashdagi O‘zbekistonning boshqa ikki raqibi — Qatar hamda Livan terma jamoalari sentyabr oyi reytingida faqat yuqoriga ko‘tarilgan. Qatar terma jamoasi ikki oylik o‘zgarishsiz holatdan so‘ng bu safar 6 o‘ringa yuqorilab, 92-pog‘onani band etgan bo‘lsa, avgust reytingida ko‘tarilish bo‘yicha o‘ziga xos natija ko‘rsatgan Livan bu safar 3 o‘ringa yuqoriladi hamda jahon miqyosida 124, Osiyo mamlakatlari orasida 16-o‘rinni egallab turibdi.

Jahon reytingining yuqori o‘nligida katta o‘zgarishlar kuzatilmagan: Ispaniya hamon peshqadam, undan keyingi o‘rinlarda Germaniya hamda Angliya terma jamoalari borishmoqda. Yagona o‘zgarish sifatida 5-o‘rindagi Portugaliya bilan 4-o‘rindagi Urugvayning o‘zaro joy almashganini qayd etish mumkin.

Reytingda eng yuqori ko‘tarilishni Bermuda orollari terma jamoasi qayd etgan bo‘lsa (18 o‘rin tepaga, 102-o‘rin), Litva terma jamoasi 31 o‘ringa pastlab, o‘ziga xos antirekord o‘rnatdi (116-o‘rin).