16-avgust soat 9:00 dan O‘zbekistondagi barcha oliy ta'lim muassasalarida bakalavr yo‘nalishi bo‘yicha kirish imtihonlarining natijalari e’lon qilinadi. Bu haqda Davlat test markazi vakili “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Test sinovlari natijalari DTMning rasmiy saytida ham e’lon qilinadi. Natijalarni markaz saytining “Test sinovlari natijalari” bo‘limida bilish mumkin bo‘ladi.

Oxirgi kunlarda DTM saytiga tashrif buyuruvchilar soni keskin oshdi. Top-reyting ma’lumotlariga ko‘ra, odatda saytga har kuni 2000 tashrif buyuruvchi qayd qilinadigan bo‘lsa, 9-avgustda ularning soni 6000 atrofida, 14-avgustda esa 12 mingga yetgan.

Odatdagidek, mobil aloqa operatorlari ham o‘z abonentlariga test natijalarini bilish imkoniyatini taklif qiladi. Ushbu xizmat 75 sent turadi (bitta SMS narxi). Xizmat haqida to‘liq ma’lumotni operatorlar saytlaridan bilib olish mumkin.

Oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari 1-avgustda bo‘lib o‘tgan edi. Bu yil hujjat topshiruvchilar soni rekord ko‘rsatkichni tashkil qildi. O‘tgan yili 418 ming abiturient ariza topshirgan bo‘lsa, bu yil ularning soni 432 mingdan oshdi.