Samarqand shahrida Aeroport mahalla fuqarolar yig‘inining yangi markazi qurib bitkazildi. Uning zamonaviy uslubdagi binosi viloyatning barcha mahallalariga namuna qilib ko‘rsatishga arzigulik darajada ko‘rkam va bejirim qilib bunyod etilgan.

1985-yilda hashar yo‘li bilan qurilgan mahallaning eski markazi haqida detektiv qissa yozsa bo‘ladi. Markazning zal va bir nechta xonadan iborat binosi bor edi. Avvalgi mahalla oqsoqoli ishdan ketgandan keyin markaz binosini o‘g‘li nomiga xususiylashtirganligi ma'lum bo‘ldi. Mahalla ahli uning yangi saylangan oqsoqoli Isoqjon Saidahmedov boshchiligida jamoa mulkini qaytarib olish uchun ko‘p urindi. Masala sudgacha borib yetdi.

Isoq akaning uqtirishicha, negadir sud oxirigacha odil qaror chiqara olmadi. Mahallaga bir kichik zal va xona berildi, qolgani sobiq oqsoqolning o‘g‘li ixtiyorida qoldi. “Mahallamiz katta. Unda 2353 nafar aholi, 529 oila istiqomat qiladi, — deydi suhbatdoshimiz. — Vazifamizni to‘laqonli bajarish uchun joy yetarli emas edi. Yaxshi ishlash uchun kerakli sharoit ham bo‘lishi kerak-da”.

Mahalladoshlar maslahatlashib, yangi markaz barpo etishga qaror qildi. Yer ajratish haqidagi iltimoslari hal bo‘lavermagach, ular o‘zlarining Oliy Majlisdagi deputati Faxriddin Rajabov orqali Vazirlar Mahkamasiga murojaat qildi. U yerdan viloyat hokimligiga masalani hal etishga ko‘maklashish xususida ko‘rsatma kelgan bo‘lsa kerak, deydi Saidahmedov. Ko‘p o‘tmay mahalla markazi uchun yer va uni qurish uchun 160 mln so‘m ajratildi.

O‘tgan yili boshlangan qurilish yaqinda tugatildi. Markaz binosida oqsoqol, kotib, maslahatchi va posbon uchun alohida xonalar, majlislar zali mavjud. Shu yerning o‘zida militsiya tayanch punkti joylashgan. Biror-bir yumush bilan qabulga kelganlar uchun keng xona ajratilgan. Xonalar did bilan bezatilgan.

Stol, stul, shkaf kabi mebellarni viloyat “Mahalla” jamg‘armasi olib bergan. Xonalardagi yettita gilam esa — shahar hokimligining sovg‘asi. Mahallaning o‘zi esa ichki imkoniyatlarini ishga solib, 1,35 mln so‘mga parda sotib oldi hamda ma'naviy-ma'rifiy va targ‘ibot-tashviqot xarakteridagi plakatlar uchun “Tasviriy oyina” idorasiga 1,7 mln so‘m o‘tkazdi. Ana shunday hamjihatlik oqibatida namunaviy mahalla markazi dunyoga keldi.

Mahalla ko‘hna shaharning havo darvozasi — “Samarqand” xalqaro aeroporti yaqinida joylashgan. Bu yerga tashrif buyurgan har bir mehmonning nigohi shundaygina katta yo‘l boshida joylashgan ushbu yangi binoga albatta tushadi. Bino bahona mehmonga o‘zbek mahallasi va uning o‘ziga xos jihatlari haqida gapirib beriladi. An'ana qadriyatlarimiz bilan xorijliklarni tanishtirishning bir imkoniyati emasmi bu?