7-8-avgust kunlari Jizzax shahrida hokimlik axborot xizmati xodimlarining fotojurnalistika bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish mavzusida trening tashkil etildi. Shahar yagona oyna markazida o‘tkazilgan treningda Jizzax viloyati, Jizzax shahri va Zomin tumani hokimliklari axborot xizmati xodimlari hamda volontyorlar ishtirok etdi, xabar berdi Jizzax shahar hokimligining axborot xizmati.

“BMT Taraqqiyot Dasturining “Mahalliy boshqaruv tizimini qo‘llab-quvvatlash: fuqarolik ishtiroki va hamkorlik” loyihasi tomonidan tashkil etilgan treningdan ko‘zlangan maqsad hokimlik axborot xizmati xodimlarining professional fotojurnalistika bo‘yicha nazariy va amaliy ko‘nikmalarini oshirish, axborot xizmatlari tomonidan tayyorlanadigan fotomateriallarning sifati va saviyasini ko‘tarishdan iborat”, — deydi loyiha xodimi Olim Akulov.

Treningda axborot xizmati xodimlari malakali fotojurnalist Husniddin Atoyevdan fotografiya, jurnalistika va fotojurnalistika asoslari haqida ma'lumot oldilar. Shuningdek, ular jamiyatda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarning fotosuratlardagi ifodasini va sifatini oshirishga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etib, fotoreportaj tayyorlashning muhim jihatlarini o‘rgandi. Suratlarni tanlash va tahrirlash jarayonida kompyuter dasturlaridan foydalanish, fotojurnalistik etika va texnik jihatlarga nazar tashlash bo‘yicha mashg‘ulotlar axborot xizmati xodimlarining qiziqishiga sabab bo‘ldi.

Treningning ikkinchi kunida qatnashchilar ixtiyoriy mavzulardan fotoreportaj tayyorlab, sodir bo‘layotgan yangiliklarni yoritishga harakat qildi. Shu bilan birga, olingan suratlar tahrir qilinib, fotolarni tahririyat yoki buyurtmachiga barcha kerakli ma'lumotlar bilan yetkazish, fotoma'lumotlarni saqlash va turli zararlanishlardan himoya qilish, fotografiya va fotojurnalistika bozori, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik tamoyillari, murakkab fototexnika bilan ishlash, professionallar faoliyati bilan tanishuv kabi sessiyalar tashkil etildi.